
Eron «Mossad» josuslari bilan to‘lib ketdi
19.06.2025 | 21:401152
Eron politsiyasi Isroil foydasiga josuslikda ayblab, 24 kishini hibsga oldi. Texron rasmiylari ushbu shaxslar mamlakat imijini buzishga uringanini bildirmoqda.

Eron politsiyasi Isroil foydasiga josuslik qilgan va "mamlakatning obro‘siga putur yetkazishga" uringan 24 kishini qamoqqa oldi. Bu haqda AFP Eronning Tasnim agentligiga asoslanib xabar bermoqda.
G‘arbiy Tehron politsiya boshlig‘i Kiumars Aziziyning ta’kidlashicha, qamoqqa olinganlar haqiqiy hayotda ham, internetda ham Isroil foydasiga josuslik faoliyati bilan shug‘ullangan.
16 iyun kuni Eronning Mizan agentligi Isroil razvedkasi «Mossad»ning gumonlangan josusi qatl etilgani haqida ma’lum qildi. Nashr xabariga ko‘ra, Ismoil Fekri o‘tgan qishda josuslikda gumon qilinib ushlangan. Tergov ma’lumotlariga qaraganda, u Isroil maxsus xizmatining ikki vakili bilan aloqada bo‘lgan va mukofot evaziga ularga "maxfiy ma’lumotlar"ni yetkazib bergan.





