add

Eron o‘z milliy valyutasidan to‘rtta nolni olib tashlaydi

05.10.2025 | 19:4433014

Eron parlamenti milliy valyuta qiymatini qayta hisoblab, mavjud 10 ming riyolni 1 yangi riyolga tenglashtirish haqidagi qonunni qabul qildi.

Eron o‘z milliy valyutasidan to‘rtta nolni olib tashlaydi
Eron parlamenti milliy valyuta — riyol qiymatini qayta hisoblash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Yangi qarorga ko‘ra, amaldagi pul birligidagi to‘rtta nol bekor qilinadi va 10 ming riyol 1 yangi riyolga tenglashtiriladi. Bu haqda mamlakatning davlat axborot agentliklari xabar berdi. Parlamentning navbatdagi majlisida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida 263 deputatdan 144 nafari «ha», 108 nafari «yo‘q» deb ovoz bergan, 3 nafar deputat betaraf qolgan. Shu tariqa, milliy valyuta islohotiga oid qonun loyihasi ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqlangan. Qonunga muvofiq, Eronning yangi pul birligi «riyol» deb nomlanadi, uning kichik birligi esa «qiron» sifatida belgilandi. Mavjud 10 ming riyol aynan 1 yangi riyolga teng bo‘ladi. Yangi valyutaga o‘tish jarayoni eng ko‘pi bilan uch yil davom etadi. Shu muddat ichida mamlakatdagi eski banknotalar va tangalar bosqichma-bosqich aylanmadan chiqariladi. Markaziy bank yangi pul birligini joriy qilish uchun barcha zarur iqtisodiy va texnik choralarni ko‘radi. Iqtisodiy kuzatuvchilarning fikricha, mazkur qadam milliy valyuta barqarorligini ta’minlash va inflyatsiya darajasini pasaytirishga qaratilgan. Eronda so‘nggi yillarda xalqaro sanksiyalar va ichki iqtisodiy qiyinchiliklar natijasida rialning qiymati keskin pasaygan edi. Qayd etib o‘tish kerak, Eron milliy valyutasi riyol 1892 yildan — shoh Rizo Pahlaviy davridan buyon denominatsiya qilinmasdan muomalada mavjud. Faqat 1982 yilda pul dizayni o‘zgartirilgan va ag‘darilgan shoh Muhammadrizo Pahlaviy surati tushirilgan pullar o‘rniga Islom inqilobi voqealari va shaxslari tasvirlangan yangi pullar muomalaga chiqarilgan. Ayni paytda Eronda 1 AQSH dollarining rasmiy kursi 42 ming riyolga teng. Qora bozordagi kurs esa 1 mln 142 ming 500 riyol atrofida.

Teglar

Mavzuga oid