
Eron poytaxti suvsiz qolmoqda. Prezident tashvishda
03.10.2025 | 21:0016355
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon mamlakat qurg‘oqchilik tufayli poytaxtni Tehrondan janubga ko‘chirishga majbur bo‘layotganini aytdi.

Eron prezidenti Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon mamlakat qurg‘oqchilik, shaharlarning kengayishi, kuchli suv tanqisligi va cho‘kish xavfi ortib borayotgani sababli poytaxtini Tehrondan janubga ko‘chirishga majbur ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘tgan yili oliy rahbar Ali Xomanaiyga poytaxtni ko‘chirish taklifini kiritgan. Bu g‘oya tanqidga uchragan bo‘lsa-da, Pizishkiyon o‘sib borayotgan resurs inqirozi bu harakatni muqarrar qilishini ta’kidladi.
Bu haqda u Fors ko‘rfazi sohilidagi Hormozgan viloyatiga tashrifi chog‘ida bayonot berdi.
«Bu mintaqa ochiq suvlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadi, demak u savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishi mumkin. Agar uning salohiyatidan foydalanilsa, bu yerda gullab-yashnayotgan va zamonaviy markaz barpo etilishi mumkin. Kelajak uchun ilmiy asoslangan reja ishlab chiqmasdan turib, hozirgi vaziyatni oddiygina qabul qilib bo‘lmaydi», - dedi prezident.
Uning ta’kidlashicha, Tehron, Karaj va Qazvin allaqachon jiddiy suv inqiroziga duch kelgan va uni oddiy choralar bilan hal qilib bo‘lmaydi. Tehronda 10 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va bu shahar mamlakat suv resurslarining deyarli chorak qismini tashkil qiladi.
Avvalroq boshqa prezidentlar poytaxtni ko‘chirish masalasini ko‘targan edi, jumladan, Hasan Ruhoniy ham variantlar bilan reja tayyorlagan edi. Ammo Oliy Rahbar tashabbusni qabul qilishdan bosh tortgan.
Pizishkiyonning eslatishicha, 2024 yilda yog‘ingarchilik normasi 260 mm ga nisbatan atigi 140 mm bo‘lgan, 2025 yilda esa bu ko‘rsatkichlar 100 mm dan pastga tushgan.
«Suv omborlaridagi suv sathining kamayishi, quduqlarning qurib ketishi va boshqa mintaqalardan suv tashish narxining yuqoriligi yondashuvni o‘zgartirish zarurligidan dalolat beradi. Tehronga suv yetkazib berish har bir kubometr uchun 4 yevrogacha bo‘lishi mumkin», - deb tushuntirdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari suv omborlari poytaxt ehtiyojlarining 70 foizini ta’minlagan, biroq yog‘ingarchilikning kamligi va bug‘lanishning ko‘pligi tufayli ularning ulushi kamayib, yer osti manbalariga bosim kuchayib bormoqda.
«Ba’zi hududlarda yer yiliga 30 sm gacha cho‘kmoqda. Bu falokat va yer osti suvlari tugab borayotganidan dalolat», - deya ogohlantirdi prezident.





