
Eron Qatar hududiga zarba berishi mumkin — Fox News
23.06.2025 | 22:2842623
Qatardagi AQSH harbiy bazasi hujum ostida qolishi mumkin — Eron tomonidan qanotli raketa yoki dronlar orqali zarba berish ehtimoli yuqori. Fox News bu tahdidni «muqarrar» deb baholadi. Nima uchun aynan El-Udeyd nishonga aylandi?

AQSH razvedka xizmatlari Eron tomonidan Qatarda joylashgan El-Udeyd harbiy bazasiga ehtimoliy hujum haqida ogohlantirmoqda. Fox News telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, bu hududda xavf darajasi keskin oshgan va hujum muqarrar deb baholanyapti.
Qayd etilishicha, Eron tomonidan AQSHning Qatardagi harbiy bazasiga o‘rta va qisqa masofaga mo‘ljallangan qanotli hamda ballistik raketalar, shuningdek, dronlar vositasida zarba berilishi ehtimoli bor.
El-Udeyd bazasi AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik havo bazasi hisoblanadi va bu yerda 10 mingga yaqin amerikalik harbiy xizmatchilar joylashgan.
Ayni paytda, AQSHning Qatardagi elchixonasi o‘z xodimlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida El-Udeyd bazasiga kirish imkoniyatini vaqtincha chekladi. Shuningdek, AQSH fuqarolariga katta politsiya nazorati bor joylardan uzoq yurish, ommaviy to‘planishlardan saqlanish va AQSH bilan bog‘liq joylarda ehtiyotkorlikni oshirish tavsiya qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil va Eron o‘rtasidagi so‘nggi keskinlashuv natijasida har ikki tomon bir necha bor harbiy zarbalar almashgan. AQSH esa 21–22 iyun kunlari Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy ob’ektlariga zarba berganini tasdiqladi. Bu mojaro doirasida Qatardagi bazaga nisbatan tahdidlar yanada jiddiy tus olgan.





