
Eron Rossiyadan emas, Xitoydan qiruvchi samolyot sotib oladi
27.06.2025 | 20:0021304
Eron Isroil va AQSH bilan bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urushda katta yo‘qotishlarga uchraganidan so‘ng, o‘z harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilishni jadallashtirdi.
Eronning «Khorasan» nashrining yozishicha, shu maqsadda Tehron Rossiyaning Su-35 o‘rniga Xitoyning Chengdu J-10C qiruvchi samolyotlarini xarid qilish muzokaralarini faollashtirdi.
Eron Xitoyning J-10C qiruvchilariga qariyb yigirma yildan buyon qiziqish bildirib keladi. 2015 yilda 150 ta samolyot xarid qilish bo‘yicha muzokaralar boshlangan, ammo to‘lov masalasida kelishilmagan. Pekin to‘lovni valyutada talab qilgan, Tehron esa neft va gaz bilan barter taklif etgan edi. BMT qurol-yarog‘ embargosi ham bu jarayonga to‘siq bo‘lgan.
2020 yilda embargo bekor qilinib, kelishuv hajmi 36 samolyotga qisqartirildi, ammo to‘lov masalasida yana kelishuvga erishilmagan. Hozir esa vaziyat o‘zgardi: AQSH 24 iyun kuni Xitoyga Eron neftini sanksiyalarsiz sotib olish huquqini berdi va bu shartnoma imkoniyatlarini oshirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda 25 iyun kuni Chingdaoda SHHT sammitida ishtirok etib, ushbu kelishuvni muhokama qilgan bo‘lishi mumkin. Xitoyning J-10C qiruvchisi F-16V va Gripen E kabi G‘arb qiruvchilariga arzonroq muqobil sifatida ko‘rilmoqda. Uning narxi 60 mln dollardan (bazaviy to‘plam) 90 mln dollargacha (qo‘shimcha jihozlar, qurol-yarog‘ va uchuvchilarni o‘qitish bilan) bo‘lishi mumkin.
12 kunlik urush Eron harbiy-havo kuchlarining zaifligini ochib tashladi. Isroilning F-35 va F-15 qiruvchilari Eronning HHH tizimlarini yo‘q qilgani ortidan AQSH ham B-2 Spirit bombardimonchi samolyotlari va suvosti kemalaridan hujumlarni amalga oshirdi. Eronning eski F-4 Phantom va F-14 Tomcat qiruvchilari katta yo‘qotishga uchradi. Rossiyadan xarid qilingan Su-35 samolyotlari esa Ukrainadagi urush tufayli hozircha yetkazib berilmayapti.





