
Erondan 60 ga yaqin o‘zbekistonlik Turkmaniston orqali qaytarildi
21.06.2025 | 17:3028173
Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli Eronda qolib ketgan 60 ga yaqin o‘zbekistonlik fuqaro Turkmaniston orqali xavfsiz tarzda Vatanga qaytarildi. Bu jarayon O‘zbekiston diplomatik xizmatlarining faolligi natijasida amalga oshdi.

Yaqin Sharqdagi ziddiyatli vaziyat sabab O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rmoqda. Xususan, Eronda bo‘lib turgan vatandoshlarni Vatanga qaytarish uchun Turkmaniston hududidan tranzit sifatida foydalanilmoqda.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilishicha, Turkmaniston rahbariyati gumanitar yordam ko‘rsatish maqsadida o‘z hududini tranzit yo‘lak sifatida taqdim etgan. Bu tashabbus xalqaro hamkorlik va qo‘shnichilik munosabatlarining yana bir ifodasi sifatida baholanmoqda.
O‘zbekistonning Tehron va Ashxoboddagi elchixonalari huzurida tezkor shtablar tashkil etilgan bo‘lib, ular kunu-tun faoliyat olib bormoqda. Tehrondagi diplomatik vakolatxona fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlasa, Ashxoboddagi elchixona viza, transport va chegara masalalarini hal qilishda faol ishtirok etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga kelib Erondan Turkmaniston orqali 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi. Evakuatsiya jarayoni tizimli va muvofiqlashtirilgan holda olib borilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi mazkur tadbirlar O‘zbekistonning fuqarolarga bo‘lgan e’tibori, xalqaro hamjihatlik va yaqin qo‘shnichilik siyosatiga sodiqligini yana bir bor namoyon etganini ta’kidlamoqda. Mazkur ishlar davom ettirilishi va boshqa fuqarolarning ham xavfsizligi ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.





