add

Eronning uranini Rossiya qo‘lga kiritishi mumkin

Kecha 23:002 daqiqa

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova Moskva Erondan ortiqcha boyitilgan uranni olib chiqishga tayyorligini e’lon qildi.

Eronning uranini Rossiya qo‘lga kiritishi mumkin

Rossiya Eron yadro dasturi atrofidagi taranglikni yumshatish maqsadida Erondan boyitilgan uranning bir qismini olib chiqishga tayyor. Bu haqda 4-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq bildirilgan mazkur taklif hamon o‘z kuchida, biroq uzil-kesil qaror qabul qilish to‘liq Tehronning ixtiyorida.

Moskvaning pozitsiyasi

Diplomatning ta’kidlashicha, boyitilgan uran zaxiralari Eronga tegishli bo‘lib, bu holat mamlakatning Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (YAQTSH) bo‘yicha olgan majburiyatlariga zid emas. Rossiya tomoni uranni mamlakat tashqarisiga olib chiqish, uning hajmi va tashish yo‘nalishini belgilash huquqi faqat Eronning o‘ziga tegishli, degan pozitsiyada. Moskva uranning Eron hududida saqlanishida hech qanday huquqiy yoki xalqaro muammoni ko‘rmayapti.

Vositachilik sxemasi va Kreml bayonotlari

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva o‘tgan yili Eron, AQSH va AEXAni uranning bir qismini qayta ishlash yoki vaqtincha saqlash uchun qabul qilishga tayyorligi haqida xabardor qilgan. Bunda xomashyo qayta ishlanganidan so‘ng yana Eron yadroviy obyektlariga qaytarilishini ko‘zda tutuvchi sxema haqida so‘z borgan. O‘shanda Tehrondan ochiq javob bo‘lmagan, ammo yanvar oyida TIV rahbari Sergey Lavrov Moskva hamon vositachi sifatida o‘z xizmatlarini taklif qilayotganini tasdiqladi.

Kremlning bu boradagi pozitsiyasini joriy yilning fevralida prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham quvvatladi. U Eron uranini olib chiqish mavzusi ancha vaqtdan beri kun tartibida ekanini va Rossiya barcha manfaatdor tomonlar bilan aloqalarni davom ettirayotganini qayd etdi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva ushbu mexanizmga ziddiyatli omillarni bartaraf etish hamda Eron va G‘arb o‘rtasidagi vaziyat keskinlashuvining oldini olish usuli sifatida qaraydi.

Tehronning qarama-qarshi signallari

Ayni paytda, Tehron bir-biriga zid signallar bermoqda. Eron Oliy rahnamosining maslahatchisi Ali Shamxoniy mamlakat nazariy jihatdan uranni boyitish darajasini hozirgi 60 foizdan 20 foizgacha pasaytirishga tayyorligini, biroq bu faqat ma’lum shartlar bajarilgan taqdirdagina amalga oshishini ma’lum qildi. Mulozim Tehron urushga intilmasligini, lekin AQSH bilan bog‘liq har qanday ssenariyga tayyor ekanini va Vashingtonning harbiy bosimini adolatsiz deb hisoblashini ta’kidladi.

Shamxoniy, shuningdek, uranni xorijga chiqarish g‘oyasini rad etdi va boyitish jarayoni harbiy xususiyatga ega emasligini bildirdi. Shu bilan birga, u obyektlarning shikastlangani va xavfsizlikka oid xatarlar tufayli zaxiralarning aniq hajmi hozircha noma’lumligini tan oldi. Uning aytishicha, Eron ushbu masalani AEXA bilan muhokama qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid