Logo

Eski avtomobillar uchun bekor qilingan jarima, Konstitutsiyaga zid deb topilgan P2P nazorati va bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglarga yangi jazo — 9-iyul dayjesti

Kecha 23:203 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Eski avtomobillar uchun bekor qilingan jarima, Konstitutsiyaga zid deb topilgan P2P nazorati va bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglarga yangi jazo — 9-iyul dayjesti

Raqobat qo‘mitasi «Anor Bank»ni jarimaga tortdi

Raqobat qo‘mitasi «Anor Bank» AJga nisbatan reklama qonunchiligi buzilishi sabab moliyaviy jarima qo‘lladi. Tekshiruv fuqaro murojaati asosida o‘tkazilib, bankning Instagram’dagi aksiya reklamasida shartlar to‘liq ko‘rsatilmagani aniqlangan.

Qo‘mitaga ko‘ra, reklamada aksiya shartlari, belgilangan limitlar va ulardan oshib ketilganda undiriladigan komissiya haqidagi ma’lumotlar keltirilmagan. Bankka qonunbuzilishni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

30 yildan oshgan eski avtomobillar egalari uchun jarima joriy etilmaydigan bo‘ldi

O‘zbekistonda 30 yil va undan eski avtomobillar egalari har yili BHMning 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi haqidagi norma qonun loyihasidan chiqarib tashlanmoqda. Qaror jamoatchilik muhokamalari va bildirilgan e’tirozlardan keyin qabul qilingan.

Yangi yondashuvda majburiy choralar o‘rniga rag‘batlantirish mexanizmlari taklif etilmoqda. Rejaga ko‘ra, eski avtomobillar bozor qiymatida baholanib, egalariga naqd pul yoki yangi avtomobil xaridi uchun maxsus vaucher berish tizimi joriy etilishi mumkin.

Bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglar jazolanadi

Senat bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan 6 ta kodeks va 13 ta qonunga o‘zgartirish kiritilib, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim va tarbiya jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilish, bolani kamsitish, xo‘rlash yoki tahqirlash uchun jazo choralari qo‘llaniladi. Bunday huquqbuzarlik sabab ma’muriy javobgarlikka tortilgan pedagoglar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yurita olmaydi.

Yirik P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish g‘oyasi Konstitutsiyaga zid — Markaziy bank

Markaziy bank oylik yirik P2P o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish taklifi Konstitutsiyaning 41-moddasiga zid ekanini ma’lum qildi. Regulyatorga ko‘ra, bunday tartib fuqarolarning huquqlariga ta’sir qilishi, naqd pul aylanmasi oshishi va mablag‘larning bank tizimidan tashqariga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi bir oyda bitta kartaga boshqa shaxslardan BHMning 500 baravari yoki undan ko‘p mablag‘ — hozirgi hisobda 206 mln so‘m kelib tushsa, bu haqdagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni taklif qilgandi. Qo‘mita loyiha bank sirini bekor qilmasligi va yangi nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilmaganini bildirgan.

O‘zbekistonda yil boshidan buyon sanoat korxonalari soni 2,2 mingtaga ko‘paydi

2026 yil 1-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari soni 62 mingtaga yetdi. Yil boshidan buyon ular soni 2,2 mingtaga oshgan bo‘lib, sanoat korxonalarining eng katta qismi — 12,4 mingtasi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Yanvar–may oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 505,9 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,9 foizga o‘sdi. Hududlar kesimida sanoat ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Navoiy viloyati 128,5 trln so‘m bilan yetakchilik qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Eski avtomobillar uchun bekor qilingan jarima, Konstitutsiyaga zid deb topilgan P2P nazorati va bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglarga yangi jazo — 9-iyul dayjesti | Vaqt.uz