
Farg‘ona neft zavodida yerga ko‘milgan homila topildi
Avtomobillar uchun ajratilgan to‘xtash maydonida daydi it yerni kovlagan va xomila yer yuziga chiqib qolgan.

Kecha, 28-noyabr kuni Farg‘ona shahrida joylashgan neftni qayta ishlash zavodining 12-sonli ishlab chiqarish sexi hududidan o‘lik homila topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Vaqt.uz’ga ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea soat 10:25 da «Kirguli» MFYda joylashgan sexning avtomobillar uchun ajratilgan to‘xtash maydonida sodir bo‘lgan. Daydi it yerni kovlagan va xomila yer yuziga chiqib qolgan. Bu holatni ko‘rgan xodimlar darhol tegishli organlarga murojaat qilgan.
Shahar prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi hodisa joyiga yetib borib, homila topilgan yerni va o‘lik homilani ko‘zdan kechirgan. Shuningdek, homila ko‘milgan joydan qonga o‘xshash dog‘lar ashyoviy dalil sifatida olingan. Dastlabki sud-tibbiy ekspertizada xomilaning ona qornida nobud bo‘lgani, 3–4 oylik ekani va o‘g‘il bola jinsiga mansubligi qayd etilgan. Shu bilan birga, «xomila ichi infeksiyasi» va «homila ichi gipoksiyasi» belgilari aniqlangan.
Tergov organlari homilaning genetik materiallarini olish va bazadagi ma’lumotlar bilan solishtirish uchun sud-biologik ekspertizani tayinlagan. Bu orqali uning ota-onasi aniqlanishi kutilmoqda. Ayni paytda o‘lik homilaning onasini topish bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, «obort» yoki sun’iy tushirish amaliyatidan so‘ng tibbiy yordamga murojaat qilgan ayollar bo‘yicha ma’lumot to‘plash, zavod xodimlari o‘rtasida zarur tekshiruvlar o‘tkazish maqsadida Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va shahar IIBga alohida ko‘rsatmalar berilgan. Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.





