
Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i ishdan bo‘shatildi
Prezident farmoni bilan Azizbek Israilovich Ikromov Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etilib, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga tayinlandi.

Prezident farmoni bilan Azizbek Ikromov O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovdan oldin uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan.
Azizbek Ikromov 1978 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1996–2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi oliy texnika bilim yurtida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 2000 yilda ichki ishlar organlarida boshlab, 2017 yilga qadar Ichki ishlar vazirligining yong‘in xavfsizligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, ushbu davrda bosh mutaxassisdan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
2017–2019 yillarda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Keyinchalik, 2019–2021 yillarda ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari, 2020–2021 yillarda esa Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2021 yil aprelidan 2023 yilgacha ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i sifatida ishlab kelgan. 2023 yildan yangi lavozimga tayinlangunga qadar Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.





