
Farg‘onada 7 kishini Angliyaga ishga yubormoqchi bo‘lgan «uddaburon» ushlandi
27.06.2025 | 08:3031622
Farg‘onada xususiy korxona rahbari Angliyaga ishga jo‘natish va vizalarni rasmiylashtirishni va’da qilib, kamida 7 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, 10 ming dollardan ortiq mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani aniqlandi.

Farg‘ona viloyatida fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “E.V.” MCHJ rahbari J.R. fuqaro N.N.ning ishonchiga kirib, uni Angliya davlatiga ishga yuborishi hamda viza hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga 1 900 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida MCHJ rahbari J.R. 7 nafar fuqaroni chet davlatga ishga yuborishi evaziga jami 10 500 AQSH dollarini qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 114,2 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
«Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», - deyiladi xabarda.





