
Farg‘onada chiqindi yoqish orqali elektr energiyasi olinadi
Farg‘ona tumanidagi joylashgan 8 gektar hududda chiqindi yoqish zavodiga tamal toshi qo‘yilib, qurilish jarayonlariga start berildi.

Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori hamda Xitoyning yetakchi ekologik kompaniyasi rahbari o‘rtasida chiqindilarni yetkazib berish bitimlari imzolangan edi.
Unda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi Farg‘ona viloyatida bosqichma-bosqich tatbiq etilishi nazarda tutilgan. Mazkur loyiha Xitoy Xalq Respublikasining «China Everbright International» LLC yirik kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Agentlik xabariga ko‘ra, ushbu zavod Farg‘ona tumanidagi Oqbilol qishlog‘i yaqinida joylashgan 8 gektar hududda chiqindi yoqish zavodiga tamal toshi qo‘yilib, qurilish jarayonlariga start berildi.
Farg‘ona viloyatida «China Everbright International» LLC kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 141,5 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan. Kuniga 1,5 ming tonna yoki yiliga 547 ming tonnagacha chiqindi qayta ishlanib, yiliga jami 227,5 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha 150–200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi bilan ham ahamiyatlidir. Investor tomonidan 2025–2027 yillarda loyihaning ishga tushirilishi ta’minlanadi.
Elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq loyiha kompaniya ishlab chiqargan elektr energiyasini 30 yil davomida «O‘zenergosotish» AJga kafolatlangan tarzda sotadi.
Ma’lumot uchun, reja bo‘yicha oltita viloyat, ya’ni Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqandda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish majmualarini qurish ko‘zda tutilgan.
2025 yil iyul oyida bir vaqtning o‘zida ikkita chiqindi yoqish zavodining qurilishi boshlangandi. Loyihalardan biri Andijonda «China International Camce» bilan hamkorlikda, ikkinchisi esa Samarqandda «Shanghai SUS Environment» ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 42 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyati tugatilib, 90 gektarga yaqin yer maydoni tabiatga qaytarilgani haqida xabar bergandik.





