add

Farg‘onada havo sifati ko‘rsatkichlarini onlayn namoyish qilib turuvchi IQAir datchiklari ishlamay qoldi

03.12.2025 | 10:227472 daqiqa

Gidrometeorologiya xizmati rahbari Sherzod Habibullayev holat yuzasidan Vaqt.uz’ga izoh berdi.

Farg‘onada havo sifati ko‘rsatkichlarini onlayn namoyish qilib turuvchi IQAir datchiklari ishlamay qoldi

Kecha, 2-dekabr kuni Farg‘ona shahrida havo sifati ko‘rsatkichlarini onlayn namoyish qilib turuvchi IQAir datchiklari qisqa muddatga ishlamay qoldi. Uzilish paytida platformada havo ifloslanishiga oid real vaqt ma’lumotlari yangilanmadi, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda turli talqin va taxminlarning ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi foydalanuvchilari holatni shu kunlarda Farg‘onada havo sifati o‘ta yomonlashib ketgani bilan bog‘lab, uzilish mas’ullar tomonidan atay uyushtirilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni bildirishdi.

Vaqt.uz muxbiri shu kabi muhokama va talqinlardan kelib chiqqan holda, Gidrometeorologiya xizmati rahbari Sherzod Habibullayev bilan bog‘landi va holat yuzasidan izoh so‘radi.

Habibullayev vaziyatga izoh berarkan, Farg‘onada havo sifati ko‘rsatkichlarini ko‘rsatib turuvchi IQAir datchiklaridagi nosozlik O‘zbekiston tomoniga bog‘liq bo‘lmagan holat ekanini bildirdi.

«Biz jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan IQAir orqali turli hududlarda o‘rnatilgan datchiklarni nazoratga ololmaymiz. Bunga imkonimiz yo‘q. Ularga ma’lumotlar real vaqt rejimida to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatiladi.

Bizdagi stansiyalar esa ishlab turibdi va IQAir’ga ma’lumot uzatishda davom etmoqda. Shu ma’noda, muammo bizda emas, IQAir’ning o‘zida. Tashkilot sohaga sun’iy intellektni joriy qilish ustida ishlamoqda va nosozlik shu jarayon bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», – dedi xizmat rahbari.

Ma’lumot uchun, 30-noyabr kuni Farg‘ona shahrida havo ifloslanish darajasi rekord darajaga yetib, 1093 ko‘rsatkichni tashkil etdi. Bu raqam 1-2-dekabr kunlari ham hayot uchun o‘ta xavfli darajada saqlanib turdi.

Kecha, prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva havo sifatini yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishida qatnashib, Farg‘onadagi havo ifloslanishi masalasiga ham to‘xtalgan. Jumladan, tadbirni yoritib borayotgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, yig‘ilishda Farg‘onadagi havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammoli holat ham muhokama qilingan. Mas’ullarning bu boradagi hisobotlari tinglangan. Saida Mirziyoyeva shuningdek, Farg‘onada ham vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keskin choralar ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar bergan.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 17

Barchasi

Mavzuga oid

Farg‘onada havo sifati ko‘rsatkichlarini onlayn namoyish qilib turuvchi IQAir datchiklari ishlamay qoldi | Vaqt.uz