add

Farg‘onalik maktab direktori «trollar» hujumiga uchrayotganini aytmoqda

17.10.2025 | 20:4512288

Ayolning aytishicha, uning shaxsiyatini badnom qilishga harakatlar yana kuchaygan. Uning bu boradagi shikoyatlariga esa hech kim quloq solmayapti.

Farg‘onalik maktab direktori «trollar» hujumiga uchrayotganini aytmoqda
Ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlangan Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ishlaydigan maktab direktori Gulira’no Qosimova trollar hujumidan aziyat chekmoqda. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi. Huquq himoyachisining ta’kidlashicha, Gulira’no Qosimova unga qo‘ng‘iroq qilib, trollar xurujidan himoya so‘ragan. Ayolning aytishicha, uning shaxsiyatini badnom qilishga harakatlar yana kuchaygan. Bu boradagi shikoyatlariga esa hech kim quloq solmagan. «Axir, ishimni Senat nazoratga olgan edi-ku», — degan ayol yig‘lab. «Ezgulik» jamiyati raisining ta’kidlashicha, trollarning qarshisida O‘zbekistonda faqatgina prezident va uning oilasi omonda.
«Unga tasalli beradigan so‘z topolmadim, chunki trollar armiyasi allaqachon mavjud tizim bilan hamkor - ehtimol uning yashirin xohish-irodasini tamsil etuvchi to‘dadir, chunki ularning qarshisida faqatgina Prezident va uning oilasi himoyalangan. Kimdir oilani haqorat qilsa, darrov tutib qamaladi, boshqalar uchun bu qonun ishlamaydi: arizamiz asosida trollarga qarshi IIVning Kiberxavfsizlik boshqarmasi boshlagan surishtiruvlarning to‘xtab qolgani bunga misoldir. Gulira’no singlim, bardam bo‘l, tizimning o‘zi shunaqa - o‘xshashi yo‘q qonunsizlik davriga o‘tdik. Trollar tugul o‘zini erkakman deb ko‘kragiga urib yurgan ba’zilar ham menga qo‘ng‘iroq qilib, sening axloqinga oid nimalarnidir sha’ma qilmoqda. Sening misolingda ko‘z oldimda O‘zbekning himoyalanmagan, mudom malomatga nishon ayoli gavdalanadi. Ovsar olomon, impotent huquq va faqat bayonot berishga qodir senatdan ortiq himoya kutma, Alloh habibing bo‘lsin!», - deya murojaatini yakunlagan. «Ezgulik» jamiyati raisi.
Jurnalist Ilyos Safarov esa mazkur holat yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan qanday amaliy ishlar amalga oshirilgani, kimlar bilan uchrashilgani va yana nimalar qilinishi rejalashtirilayotgani bilan qiziqmoqda. Unga ko‘ra, mazkur hodisa yuzasidan Quvada ikkita su mahkamasi ham bo‘lib o‘tgan.
«Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onaga oid qaysi guruh va kanallarga qaramang, Gulira’no Qosimovani qoralash, uni shantaj va buzuqlikda ayblash yoki aksincha, IIBni oqlashga qaratilgan sanoqsiz post, videolar keng tarqatilmoqda. Tushuniladiki, sud jarayonlari davomida vaziyatni va umuman ommaviy kayfiyatni o‘zgartirish, IIB xodimlarini oqlash uchun jiddiy, uyushgan harakat ketmoqda. Ularni nazoratga olish, to‘xtatish haqida esa negadir, hech kim o‘ylamayapti. Mana, nega qiziq Senat o‘z nazoratidagi ish bo‘yicha nimalar qilayotgani», - deya yozgan Safarov.
Ma’lumot uchun, ish Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov muqaddam Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan. General-mayor unvoniga ega. Qosimova ishi Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida maktab direktori bo‘lib ishlagan Gulira’no Qosimova o‘ziga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan zo‘ravonlik va tahqirlash holatlari sodir etilganini da’vo qilmoqda. Uning aytishicha, tuman IIB tezkor xodimlari uni va soliq inspektsiyasi boshlig‘ini «jinoyat sahnasi» sifatida sahnalashtirilgan operatsiyaga jalb etib, urgan, yechintirgan va yolg‘on ayblovlar ostida bosim o‘tkazgan. Ayol ularning bu harakatlarini rad etgani uchun videoga olinib, keyinroq tahdid va shantajga uchragan. Voqea yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, ayol iddao qilganidek, unga zo‘ravonlik qilgan ayrim xodimlar hali ham lavozimida qolmoqda. Qosimova tergov davomida bosim, pora takliflari va o‘z hayotiga tahdidlar haqida ma’lum qilgan. Farg‘ona viloyati prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, sobiq IIB boshlig‘i va ayrim mas’ullar ustidan ish sudga yuborilgan.

Teglar

Mavzuga oid