Logo

Fermerlar zarar ko‘rmasligi uchun daladagi 325 ming tonna kartoshka zaxiraga olinadi

Kecha 22:551 daqiqa

Kartoshka narxi tushib ketgani uchun endi mahsulotni fermerlardan davlatning o‘zi sotib oladi.

Fermerlar zarar ko‘rmasligi uchun daladagi 325 ming tonna kartoshka zaxiraga olinadi

Joylarda intervensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida pishiqchilik paytida dalada kartoshka narxi tushib ketgan. Oqibatda 325 ming tonna kartoshka fermerlar tomonidan sotilmay turibdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari kartoshkani fermerlar foyda ko‘radigan narxda zaxiraga olib, taqchillik paytida bozorga chiqarish orqali narxni barqaror ushlash zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda meva-sabzavotlarni saqlash infratuzilmasi holati ham tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatida meva-sabzavotni saqlaydigan birorta ham sovitkichli ombor ishga tushirilmagani qayd etildi. Mutasaddilarga yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, hokimlar joriy yilda oziq-ovqat jamg‘armalarini 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazishi kerakligi, biroq ayrim hududlardan tashqari birorta hokim jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazmagani tanqid qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosariga uch kun muddatda grafik tasdiqlab, hokimlarga oziq-ovqat jamg‘armalariga oyma-oy qancha mablag‘ tushirishini belgilab berish topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid