Logo

«Finaldan oldingi final»: Fransiya va Ispaniya so‘nggi bosqich yo‘llanmasi uchun kurashga kirishmoqda

Kecha 20:425 daqiqa

Mbappe va Yamal yetakchiligidagi ikki terma jamoa final yo‘llanmasi uchun maydonga chiqadi. Fransiya musobaqadagi eng sermahsul hujum chizig‘iga ega bo‘lsa, Ispaniya hozirgacha o‘z darvozasidan atigi bir marta to‘p o‘tkazib yuborgan mustahkam himoyasi bilan ajralib turibdi. Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlar va tarixdagi 38 ta o‘zaro bahsning statistikasi bu o‘yinning o‘ta shiddatli kechishidan dalolat beradi.

«Finaldan oldingi final»: Fransiya va Ispaniya so‘nggi bosqich yo‘llanmasi uchun kurashga kirishmoqda

Ikki karra jahon chempioni va navbatdagi kubokni qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan Fransiya JCH-2026 ning shu paytgacha bo‘lgan eng muhim bahsida Yevropa chempioni Ispaniya bilan to‘qnash keladi.

Tarix yozishga bir qadam qolgan «Uchranglilar» G‘arbiy Germaniyadan so‘ng ketma-ket uchta Jahon chempionati finalida o‘ynagan ikkinchi Yevropa terma jamoasiga aylanishi mumkin.

Biroq Fransiyaning bu yo‘lida tezkor, mustahkam va boy tarixga ega azaliy raqib — Ispaniya to‘g‘anoq bo‘lib turibdi.

Dastlabki yarim final bahsi haqiqiy uslublar to‘qnashuviga aylanadi: Fransiyaning shiddatli va to‘xtatib bo‘lmas hujumlari Ispaniyaning to‘p nazoratiga asoslangan ehtiyotkor o‘yiniga qarshi sinovdan o‘tadi.

Fransiya va Ispaniya yarim finalga qanday yetib keldi?

Fransiya guruh bosqichida Norvegiya, Senegal va Iroqni mag‘lub etib, yuz foizlik natija (9 ochko) bilan «I» guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Jamoa 1/16 finalda Shvetsiyani 3:0 hisobida tor-mor etdi, so‘ngra nimchorak finalda Paragvayni 1:0 hisobida taslim qildi. Chorak finalda esa Marokash ustidan 2:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi.

Ispaniya esa 7 ochko bilan «H» guruhida peshqadam bo‘ldi: ispanlar Saudiya Arabistoni va Urugvayni mag‘lub etib, Kabo-Verde bilan durangga imzo chekdi. Pley-offni 1/16 finalda Avstriya ustidan qozonilgan yirik 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshlagan jamoa, nimchorak finaldagi Pireney derbisida Portugaliyani so‘nggi daqiqalarda kiritilgan gol evaziga 1:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Ularning yarim final yo‘llanmasi esa chorak finalda Belgiya ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi irodali g‘alabadan so‘ng kafolatlandi.

Mbappe: «Bu Fransiya terma jamoasi hali hech narsaga erishgani yo‘q»

Fransiyaning har qanday raqib havas qiladigan hujum chizig‘i musobaqada eng sermahsul o‘yin namoyish etmoqda.

Ajoyib sport formasidagi Kilian Mbappe beshta o‘yinda sakkizta gol urib, «Oltin butsa» to‘purarlar poygasida yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi. Usmon Dembele esa o‘z hisobiga beshta gol yozdirib qo‘ygan. Bredli Barkola ham ikkita to‘p kiritgan bo‘lsa, Maykl Olise beshta golli uzatma bilan jamoaning asosiy pleymeykeriga aylangan.

Bu raqamlar ularni o‘tmishning buyuk jamoalari bilan taqqoslashga asos bo‘lmoqda. Biroq, Jahon chempionatidagi yorqin o‘yinlariga qaramay, jamoa sardori Mbappening ta’kidlashicha, hozirgi avlod futbolchilari chempionlik yo‘lidagi hal qiluvchi cho‘qqiga hali yetib bormagan.

«Men (2018 yilda) jahon chempioni va (2022 yilda) mundial finalchisi bo‘lganman. Ammo bu jamoa hali hech narsaga erishgani yo‘q», — deydi uchta Jahon chempionatida 20 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urgan (ularning to‘rttasi finallarda kiritilgan) Mbappe.

«Shu bilan birga, bu — juda katta salohiyatga ega jamoa. Tarkibda shunchalik ko‘p iqtidor egalari jamlanganki, bu jihat insonga orzu qilish imkonini beradi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Fransiya so‘nggi yettita Jahon chempionatining to‘rttasida finalga qadar yetib borgan: 1998 va 2018 yillarda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2006 va 2022 yillardagi hal qiluvchi bahslarda imkoniyatni boy bergan.

Agar ular Ispaniya to‘sig‘idan o‘tsa, 1974 va 1990 yillar oralig‘ida to‘rt marta finalda o‘ynagan va musobaqaning chinakam qiroli sanalgan G‘arbiy Germaniya rekordini takrorlaydi.

1

Ispaniya bosh murabbiyi: «Bu — finaldan oldingi final»

O‘ta hujumkor o‘yin ko‘rsatuvchi Fransiyadan farqli o‘laroq, Ispaniya ko‘proq to‘p nazoratiga tayanuvchi uslubni tanlagan. «Qizil furiya»ning mustahkam mudofaa chizig‘i shu paytgacha faqat bir marta — chorak finalda Belgiyaga qarshi bahsdagina o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. Rodri, Pedri va Dani Olmo kabi futbolchilar esa maydon markazidagi nazoratni hech kimga bermayapti.

Ispaniya yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan ko‘p o‘tmay, jamoa bosh murabbiyi Luis de la Fuente Fransiyaga qarshi to‘qnashuvning ahamiyatini ta’kidladi. Uning aytishicha, FIFA reytingida uchinchi o‘rinda borayotgan jamoasi har qanday raqibni mag‘lub etishga qodir.

«Bu o‘yinni finaldan oldingi final deb ta’riflash mubolag‘a бўлmaydi. Biz finalga chiqishga qodir jamoalardan birimiz. Endi bor e’tiborimizni faqat Fransiyaga qarshi bahsga qaratamiz», — dedi mutaxassis.

«Raqibning ulkan salohiyatini yaxshi bilamiz. Biroq shu bilan birga, ularni so‘nggi ikkita yarim finalda mag‘lub etgan yagona jamoa ekanimizni ham bilamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Darhaqiqat, Ispaniya qit’a chempioni bo‘lish yo‘lida Yevro-2024 hamda 2025 yilgi UEFA Millatlar Ligasining yarim finallarida aynan Fransiyani mag‘lub etgan edi.

G‘olib finalda kim bilan o‘ynaydi?

Fransiya va Ispaniya o‘rtasidagi yarim final g‘olibi yakshanba kuni Nyu-Jersida bo‘lib o‘tadigan final bahsida Angliya yoki Argentina terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

2

Fransiya va Ispaniya: o‘zaro uchrashuvlar tarixi

Azaliy raqiblar sanalgan Fransiya va Ispaniya shu kunga qadar o‘zaro 38-marta to‘qnash kelgan. O‘zaro o‘yinlar statistikasiga ko‘ra, Ispaniya oldinda bormoqda — ular hisobida 18 ta g‘alaba mavjud. Fransiya 13-marta zafar quchgan, yana yettita bahsda durang qayd etilgan.

Jamoalarning so‘nggi to‘qnashuvi bundan taxminan bir yil avval Germaniyada o‘tkazilgan Millatlar Ligasi yarim finaliga to‘g‘ri keladi. Gollarga boy va shiddatli kechgan o‘sha bahsda Ispaniya Fransiyani 5:4 hisobida mag‘lub etgan, Yamalning dubli esa ispanlarni finalga olib chiqqan edi.

Fransiya va Ispaniya o‘rtasidagi so‘nggi 5 ta o‘yin:

·         Ispaniya 5:4 Fransiya (UEFA Millatlar Ligasi-2025, yarim final)

·         Ispaniya 2:1 Fransiya (Yevro-2024, yarim final)

·         Ispaniya 1:2 Fransiya (UEFA Millatlar Ligasi-2021, final)

·         Fransiya 0:2 Ispaniya (O‘rtoqlik uchrashuvi, 2017 yil)

·         Fransiya 1:0 Ispaniya (O‘rtoqlik uchrashuvi, 2014 yil)

3

Fransiya – Ispaniya: tarkibdagi yangiliklar

Fransiya terma jamoasi yarim himoyachilari Kone va Chuamenining ushbu bahsda maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Himoyachilar Upamekano va Saliba esa bel qismidagi jarohat tufayli shanba kungi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishgan.

Ispaniya terma jamoasi safida esa hech qanday yo‘qotish va jarohatlar qayd etilmagan.

Agar yarim finalda durang qayd etilsa nima bo‘ladi?

Agar asosiy vaqt yakuniga ko‘ra hisob teng bo‘lsa, 15 daqiqalik ikkita qo‘shimcha bo‘lim belgilanadi. Agar unda ham g‘olib aniqlanmasa, kurash penaltilar seriyasida davom etadi va g‘olib shu tariqa aniqlanadi 

Россия - Украина уруши

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026

JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.

Teglar

Mavzuga oid