add

Fitch tomonidan O‘zbekiston reytingi oshirilishi nimani anglatadi?

03.07.2025 | 08:008465

Fitch xalqaro agentligi O‘zbekiston suveren reytingi 2018 yildan beri ilk bor oshirilib, «BB-» dan «BB» darajasiga ko‘tarildi. Bu xabar ko‘plar uchun oddiy statistik ma’lumotdek ko‘rinishi mumkin, ammo uning mamlakat taraqqiyoti uchun ahamiyati katta.

Fitch tomonidan O‘zbekiston reytingi oshirilishi nimani anglatadi?
O‘zbekistonning kredit reytingi oshishi davlatning moliyaviy barqarorligi va iqtisodiyoti rivojlanishini xalqaro maydonda e’tirof etish sifatida baholanadi. bugungi kunda mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi, davlat qarzining nazoratda saqlanishi, oltin-valyuta zaxiralarining barqarorligi va izchil islohotlar Fitch bahosida o‘z ifodasini topdi, deb yozadi Beshtor Telegram kanali. Bu voqea davlat uchun bir qator yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Jumladan, xalqaro moliya bozorlarida ancha past foizli mablag‘larni jalb qilish imkoniyati yuzaga keladi. Bu esa davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirib, iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmalarni yangilash, eksportni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish imkonini beradi. Banklar va yirik kompaniyalar uchun ham mazkur reyting katta ahamiyatga ega. Chunki hech bir tijorat banki yoki korporatsiya davlat reytingidan yuqori bahoga ega bo‘lolmaydi. Shuning uchun yangi «BB» reytingi ular uchun ham yuqori chegara hisoblanadi. Investorlar va xalqaro kompaniyalar uchun esa reytingning oshishi O‘zbekiston iqtisodiyotidagi xavf-xatarlar kamayganidan dalolat beradi. Bu mamlakatga yirik investitsiya kiritish masalasida ularni yanada ishonchli qarorlar qabul qilishga undaydi. Bu jarayon esa yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yangi korxonalar va brendlar paydo bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, reytingning oshishi oddiy fuqarolar hayotiga ham bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki yuqori reyting iqtisodiyotga ishonchni kuchaytiradi, bu esa ichki bozorda faollikni oshirib, iqtisodiy farovonlikni ta’minlaydi. Aksincha, reyting tushib ketsa, kreditlar, ipoteki va import tovarlar qimmatlashishi mumkin. Endi e’tibor markazida yangi maqsad — «BB+» darajasiga erishish turadi. Fitch o‘z bayonotida bu yo‘nalishda qator muammolar saqlanib qolayotganini ta’kidladi: yuqori dollarlashuv, xomashyoga qaramlik, inflyatsiyaning beqarorligi va aholi jon boshiga YAIMning pastligi. Shu bois, bu maqsadga erishish mamlakatdagi islohotlar sur’atiga bog‘liq bo‘ladi. Agar davlat izchil islohotlarni davom ettirsa, O‘zbekiston kelgusida «BB+» va hatto investitsion darajadan bir qadam uzoqdagi reytingga yetishi mumkin. Aks holda, reytingda pasayish va «BB-» darajasiga qaytish xavfi tug‘iladi, bu esa mamlakat uchun orqaga tashlangan qadam bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid