
Foto va video orqali qayd etiladigan huquqbuzarliklar ro‘yxati tasdiqlandi
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari (radarlar) orqali qayd etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati belgilandi.

2026 yil 4-fevralda qabul qilingan O‘RQ–1116-sonli qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati belgilandi.
Jumladan:
— xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik;
— transportni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish;
— belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kmdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish;
— to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi va boshqalar.
Jazo qo‘llash muddatlari
Qonunchilikda ushbu huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qo‘llash muddatlari ham aniq belgilab qo‘yildi. Agar yo‘l qoidasi buzilgani foto yoki video qayd etish vositalari orqali aniqlangan bo‘lsa, ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi shart.
Ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilingan hollarda esa jazo qo‘llash muddati kengaytiriladi. Bunday vaziyatda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qonun bilan yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish qo‘llanilishi haqida xabar bergan edik. Ma’muriy ogohlantirish — huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarni takrorlamaslik to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirish va unga tanbeh berishdan iborat.





