add

Foydalanuvchilar iPhone 17 Pro korpusining rangi o‘zgaryotganidan shikoyat qilmoqda

19.10.2025 | 12:3031734

Yangi iPhone 17 Pro modellari foydalanuvchilari korpusning «Cosmic Orange» va «Deep Blue» rangli variantlarida pushti yoki oltin tusga kirish holatini kuzatmoqda.

Foydalanuvchilar iPhone 17 Pro korpusining rangi o‘zgaryotganidan shikoyat qilmoqda
Gizmochina nashrining yozishicha, iPhone 17 Pro va Pro Max modellarini xarid qilgan ayrim foydalanuvchilar qurilmalarining rangi qisman o‘zgarib, aslidagi tusdan farq qila boshlaganini ma’lum qilgan. Ular bu holatni Reddit va Facebook ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar bilan isbotlagan. Fotosuratlarda ayniqsa «Cosmic Orange» modelidagi alyuminiy korpus qismlarining pushti yoki oltin tusga aylanishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu bilan birga, markazdagi matli shisha panel o‘z holicha saqlanib qolgan. Muammo faqat bitta rangda emas — «Deep Blue» modelida ham kamera atrofidagi qismda shunday holat aniqlangan. Ayrim foydalanuvchilar buni ultrabinafsha nurlari ta’siri bilan izohlamoqda, ammo bu taxmin hali ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan. Hodisa Reddit, TikTok va boshqa platformalarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi, bu esa muammoning ko‘lamli ekanini ko‘rsatmoqda. Muttaxassislar Apple’ning rasmiy qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishni tavsiya etmoqda. Chunki qurilmalar hali kafolat muddati ichida bo‘lgani sababli, kompaniya ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish chorasini ko‘rishi mumkin. Eslatib o‘tish joiz, iPhone 17 Pro modellari joriy yilda bir qator yangilangan dizayn bilan taqdim etilgan: yangi kamera tizimi, ikki qismli orqa panel va titandan alyuminiyga o‘tish shular jumlasidandir. Shuningdek, bu safar Apple Pro seriyasi uchun ilk bor to‘q rangsiz variantlarni taklif etgan edi. Apple hozircha mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot bermagan, ammo foydalanuvchilar kompaniyadan yaqin vaqt ichida aniq izoh va amaliy yechim kutishmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Foydalanuvchilar iPhone 17 Pro korpusining rangi o‘zgaryotganidan shikoyat qilmoqda | Vaqt.uz