
Fransiya Renault kompaniyasiga Ukrainada dron ishlab chiqarishni taklif qildi
09.06.2025 | 09:2018084
Fransiya Mudofaa vazirligi Renault avtokonserniga Ukraina hududida uchuvchisiz uchuvchi apparatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifini berdi. Bu haqda Renault yakshanba kuni rasman ma’lum qildi.

Reuters agentligi keltirayotgan Renault bayonotiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi kompaniya bilan dronlar ishlab chiqarish imkoniyati bo‘yicha aloqa qilgan. «Muzokaralar bo‘lib o‘tdi, lekin hozircha qaror qabul qilinmagan, chunki biz vazirlikdan loyiha bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni kutmoqdamiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Franceinfo sayti avvalroq Renault kompaniyasi Ukrainada dron ishlab chiqarishi kutilmoqda, deb xabar qilgan edi. Reuters’ning shu xususdagi savoliga javoban Fransiya Mudofaa vazirligi shirkatning ishtirok etish-etmasligiga o‘zi qaror qilishi kerakligini aytdi, ammo aniq nomlarni keltirmadi.
Fransiya mudofaa vaziri Sebastiyen Lekornyu esa juma kuni LCI telekanaliga bergan intervyusida, hech qanday kompaniya nomi aytilmagan holda, yirik avtokonsern va kichik mudofaa korxonasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi va Ukrainada dron yig‘ish liniyalari tashkil etilishi haqida ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, «Kommersant» nashrining yozishicha, Chernogoriya hududida ham dron yig‘ish quvvati tashkil etilib, Kiyevga birinchi partiya apparatlar harbiy yordam sifatida yetkazilishi kutilmoqda.
Mamlakat hukumati ushbu loyiha NATO doirasida Chernogoriya armiyasi salohiyatini oshirish, Ukraina mudofaasini mustahkamlash va Chernogoriyani xalqaro harbiy jihoz yetkazib beruvchi sifatida mustahkamlashga xizmat qilishini ma’lum qilgan.
Bu loyihaga AQSH tomonidan 15 mln dollar ajratiladi. Ishlab chiqarishda By Light kompaniyasi ishtirok etadi, u to‘rt turdagi dronni tayyorlashga ixtisoslashgan. Eng ilg‘or modeli havoda 10 soatgacha uchish va 27,2 kg yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. «Kommersant» ta’kidlashicha, hozircha bu kompaniya bilan alohida shartnoma imzolanmagan.





