
Fransiya va Belgiya Rossiya STGsiga embargo qo‘yishga qarshi chiqdi
05.06.2025 | 09:2038683
Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya suyultirilgan tabiiy gazi (STG) importni to‘xtatish rejasini muhokama qilayotgan bir paytda, Fransiya va Belgiya bu tashabbusga qarshi chiqdi.

Kpler tahliliy platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Fransiya, Belgiya, Ispaniya va Niderlandiya YeIga kelgan Rossiya STGsining 97 foizini import qilgan. Umumiy hajm 16,77 mln tonnani, umumiy qiymat esa 6 mlrd yevroga yaqinni tashkil etdi.
Parij Rossiyadan STG import qiluvchi YeIdagi eng yirik xaridorga aylandi. Fransiya energetika vaziri Mark Ferruchchi «Politico» nashriga bergan izohida mamlakat Qatardan keladigan gaz hisobidan Rossiya hajmini to‘ldirish bo‘yicha ish olib borayotganini aytdi.
Belgiya esa taqiqning infratuzilmaga ta’sirini o‘rganishni talab qilmoqda. Energetika vaziri Matiye Biye Yevrokomissiyadan mukammal tahlil taqdim etishni so‘radi.
Boshqa tomondan, Ispaniya va Niderlandiya Rossiya gazidan butunlay voz kechishga tayyor ekanini bildirishdi. Garchi Ispaniya 2042 yilgacha «Novatek» bilan, Niderlandiya esa 2032 yilgacha TotalEnergies orqali shartnomaga ega bo‘lsa-da, ular shartnomalarni bekor qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Fransiya rasman Rossiya energiya manbalaridan voz kechish yo‘lida YeI pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, amaldagi shartnomalarni bekor qilish huquqiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligini uqtirdi. Ayniqsa, TotalEnergies kompaniyasi «Yamal STG» loyihasida 20 foiz ulushga ega va 2032 yilgacha amalda bo‘lgan shartnomasi mavjud.





