
Fransiyada diniy yetakchilar qarshiligiga qaramay evtanaziya qonuni qabul qilindi
29.05.2025 | 17:2028243
Qonun og‘ir bemorlarga hayot bilan ixtiyoriy vidolashish huquqini taqdim etadi.

Fransiya parlamenti evtanaziya to‘g‘risidagi bahsli qonunni qabul qildi. Milliy Assambleya tomonidan ma’qullangan hujjatga ko‘ra, og‘ir va davosiz xastalikka chalingan shaxslar shifokorlar xulosasi asosida hayot bilan ixtiyoriy ravishda vidolashishi mumkin bo‘ladi.
Qonun uchun 305 deputat ovoz berdi, 199 nafar deputat esa qarshi chiqdi. Hujjat endilikda Senat muhokamasiga yo‘naltirildi. Prezident Emmanuel Makron qonun qabul qilinishiga ijobiy baho berdi va uni inson huquqlari doirasida baholash lozimligini ta’kidladi.
Qonun faqat 18 yoshdan katta bo‘lgan fransuz fuqarolariga taalluqli bo‘ladi. Shu bilan birga, ruhiy xastaliklarga chalinganlar mazkur huquqdan foydalana olmaydi. Shifokorlar bunday bemorlarga maxsus tibbiy vositalar yordamida o‘z hayotini tugatish imkonini beradi.
Qonunga diniy jamoalar rahbarlari — katolik, pravoslav, protestant, islom, yahudiy va budda yetakchilari keskin qarshi chiqdi. Ular inson hayoti faqat Yaratganga tegishli ekanini ta’kidlab, bunday huquqni qonunlashtirishni qoraladi.
Evtanaziya bo‘yicha qonuniy ruxsat bergan mamlakatlar orasida Shveysariya, Niderlandiya, Belgiya, Kanada, Ispaniya, Portugaliya kabi davlatlar bor. Yaqinda Avstriyada ham shunga o‘xshash qonun kuchga kirdi.
Evtanaziya atamasi yunoncha «yaxshi o‘lim» ma’nosini anglatadi. Zamonaviy jamiyatda u eng bahsli va keng muhokama qilinadigan masalalardan biri hisoblanadi.





