
Fransuz pensionerlari ishlayotganlardan ko‘proq daromad olmoqda
15.09.2025 | 08:2033193
Luxembourg Income Study tahlilida Fransiyada pensionerlarning o‘rtacha daromadi ishlayotgan aholinikindan 1 foizga yuqori ekani aniqlandi.

Financial Times tahririyati Luxembourg Income Study nodavlat tashkiloti tadqiqotini tahlil qilar ekan, Fransiyada pensiyadagi fuqarolar o‘rtacha hisobda ishlayotganlardan ko‘proq daromad qilayotgan yagona mamlakat ekanini ma’lum qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, fransuz pensionerlari ishlayotgan yoshlarga nisbatan taxminan 1 foiz ko‘proq daromad oladi. Italiyada esa bu farq 4–5 foizni tashkil etadi. Germaniya, AQSH, Kanada va Norvegiyada nafaqa miqdori ish haqining 85–90 foizi darajasida. Britaniya, Shvetsiya, Daniya va Niderlandiyada ishlayotganlarning daromadi nafaqaxo‘rlarnikidan taxminan chorakka yuqori.
DW media agentligi esa avgust oyida Germaniyada ishsizlarning daromadi ishlayotganlarnikidan faqat bir necha yuz yevro kamligini yozgan, nemislardan esa «yashash uchun ko‘proq mehnat qilish»ni so‘ragan edi.
Fransiyada pensionerlar soni yil sayin ortib bormoqda — 2023 yilda ularning soni 17,2 million nafarga yetgan. Bu 2022 yilga nisbatan 1,3 foiz ko‘p. Ammo 2015 yildan beri o‘sish sur’ati sekinlashmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyada nafaqalarning o‘rtacha miqdori — soliqlardan oldin 1666 yevro, toza hisobda esa 1541 yevro. Biroq 2017–2023 yillarda ushbu miqdor real (inflyatsiya hisobga olingan) ko‘rinishda kamaygan, chunki pensiya indeksatsiyasi inflyatsiyadan ortda qolgan.





