add

Fuqaro soxta xodimlarga ishonib, kriptovalyuta orqali 170 ming dollardan ayrildi

Ombudsman fuqarolarni huquqni muhofaza organlari nomidan aldayotgan shaxslarga ishonmaslikka va moliyaviy ehtiyotkorlikka chaqirdi.

Fuqaro soxta xodimlarga ishonib, kriptovalyuta orqali 170 ming dollardan ayrildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga fuqaro M.P.dan katta miqdordagi mablag‘ni firibgarlar ta’sirida yo‘qotgani haqida murojaat kelib tushgan. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar berdi.

Uning aytishicha, 2024 yil dekabrida firibgarlarga kriptovalyuta orqali 170 ming AQSH dollarini o‘tkazib yuborgan. Firibgarlar o‘zini Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirganligi uchun ularga ishongan.

Fuqaro mablag‘ni topish uchun avtomashinasi va uyini sotgan, jamg‘armalaridan voz kechgan hamda qarzga kirgan. Aldanganligini bilgandan so‘ng Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilgan va jinoiy ish qo‘zg‘atilib, jabrlanuvchi sifatida tan olingan.

Shikoyat yuzasidan ombudsman Ichki ishlar vazirligiga so‘rov yo‘llagan. Tekshiruvlar natijasida Kiberxavfsizlik boshqarmasi kriptodo‘kon orqali fuqaro M.P. foydasiga 115 ming AQSH dollarini (1 mlrd 434 mln 625 ming so‘m) undirib bergan.

Ombudsman o‘z xabarida, firibgarlik bilan bog‘liq murojaatlar ko‘p kelib tushadi, biroq ularning katta qismida mablag‘larni qaytarib olish imkoni bo‘lmaydi, shu sababli fuqarolardan ehtiyotkorlik va xabardorlik talab etiladi, degan.

Shuningdek, Ombudsman  fuqarolarga qator tavsiyalar berdi. Xususan, shaxsiy raqam orqali qo‘ng‘iroq qilib to‘lov yoki ma’lumot talab qilayotgan shaxslarga ishonmaslik lozim. Telefon orqali pasport, ID-karta, bank kartasi, PIN yoki SMS-kod kabi ma’lumotlarni hech kimga oshkor etmaslik kerak. Shuningdek, kriptovalyuta orqali to‘lov so‘ralganda muloqotni to‘xtatib, huquqni muhofaza organlariga murojaat qilish tavsiya etildi.

Ombudsmanning ta’kidlashicha, davlat idoralari va tashkilotlar faqat rasmiy kanallar orqali ish olib boradi. Shubhali holatlarda tegishli idoraning ishonchli raqamlari orqali ma’lumot olish zarur.

Teglar

Mavzuga oid