Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatining eng chiroyli goli aniqlandi
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Eldor Shomurodovning mundialdagi goli ikkinchi o‘rinni oldi.
© Foto: cadenaser.comKabo-Verde terma jamoasi himoyachisi Sidni Lopesh Kabralning Argentina darvozasiga kiritgan to‘pi JCH-2026 turnirining eng chiroyli goli deb topildi. O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning Kongo darvozasiga kiritgan goli esa ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda muxlislar ovoz berish natijalariga asoslanib, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ma’lum qildi.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi gollar uchligini Gaiti vakili Vilson Izidor yakunlab berdi. Shuningdek, nomzodlar qatorida Elayja Jast (Yangi Zelandiya), Kilian Mbappe (Fransiya), Lionel Messi (Argentina), Kerim Alaybegovich (Bosniya va Gersegovina), Daydzen Maeda (Yaponiya), Erling Xoland (Norvegiya), Xulian Alvares (Argentina), Jud Bellingem (Angliya) va Ferran Torres (Ispaniya) kabi futbolchilar ham bor edi.
Muallifning fikrlari va muxlislar reaksiyasi
Turkiyaning «Trabzonspor» klubida to‘p suradigan 23 yoshli Kabral 1/16 final doirasidagi uchrashuvning 103-daqiqasida Emiliano Martines qo‘riqlayotgan darvozaning uzoq burchagiga aniq zarba yo‘llab, hisobni tenglashtirgan edi (2:2).
«Raqibimni aldab o‘tganimdan so‘ng bo‘sh joyni ko‘rdim va o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim. Men ikkala oyog‘imda ham yaxshi zarba bera olaman. Bo‘sh hududni ko‘rib, yuqori burchakni nishonga oldim va to‘pga juda yaxshi zarba berdim», — dedi Sidni Lopesh Kabral.
Futbolchi o‘z golidan so‘ng hayratini yashira olmadi: «Boshimni ko‘tarib, to‘pning yuqori burchakka ketayotganini ko‘rganimda, «Men hozir nima qildim?» deb o‘yladim. Ishona olmasdim. Jamoadoshlarimga qaradim – hamma baqirar, boshini ushlagancha xursand edi», — deydi Sidni Lopesh.
Shuningdek, himoyachi golni nishonlash vaqtida onasi bilan bog‘liq yuz bergan holatni eslab o‘tdi:
«O‘yindan oldin onam va sevgilimga agar gol ursam, ularning oldiga yugurib borishimni aytgan edim. U yerga yetib borganimda, onam yig‘layotganini ko‘rdim; u mening shundoqqina yonida turganimni sezmagan ham edi. Hamma uning atrofida ovora edi, chunki men gol urganimda u hushini yo‘qotgandi!», — dedi u.
Ma’lumot uchun, ushbu uchrashuvning yakuniy hisobi 111-daqiqada Kabo-Verde himoyachisi Dineyning avtogolidan so‘ng o‘rnatildi va Argentina 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tdi. Turnir g‘olibi finalda Argentinani 1:0 hisobida mag‘lub etgan Ispaniya terma jamoasi bo‘ldi.

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026
JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.




