add

Futbol chiptalari endi identifikatsiya orqali sotiladi

O‘zbekistonda 2026 yildan 1 martdan boshlab futbol o‘yinlariga chipta olish uchun shaxs identifikatsiyadan o‘tishi shart bo‘ladi. Natijada muhim o‘yinlarda chipta savdosidagi turli muammo va noqonuniy holatlar bartaraf etilishi kutilmoqda.

Futbol chiptalari endi identifikatsiya orqali sotiladi
O‘zbekiston Prezidenti 21 avgust kuni «Futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan futbol o‘yinlariga chiptalar maxsus onlayn axborot tizimi orqali sotiladi. Bu tizim xaridorni shaxsini identifikatsiya qilish hamda QR-kod texnologiyalari asosida chiptalarni ro‘yxatga olish imkonini beradi. Loyihaning asosiy maqsadi – muhim o‘yinlarda chiptalar bilan bog‘liq spekulyatsiyalarni kamaytirish va savdoni shaffof qilish. Chiptalarning bir nechta qo‘lga o‘tib ketishi yoki sun’iy ravishda narxi oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘riladi. Farmonga muvofiq, 2025 yil dekabr oyi oxirigacha axborot tizimining texnik hujjatlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kerak. Keyinchalik, 2026 yil fevralda tizim ishga tayyor holatga keltirilishi va zarur resurslar bilan integratsiya qilinishi belgilangan. Topshiriq ijrosini amalga oshirish uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul etib belgilandi. Ularning vazifasi – tizimni ishlab chiqish, testi va joriy qilish jarayonlarini nazorat qilish. Yangi tizimning joriy qilinishi futbol muxlislari uchun xavfsizlikni oshirish, chipta savdosida adolatli sharoit yaratish va sohada raqamli imkoniyatlardan keng foydalanishni ta’minlaydi.

Teglar

Mavzuga oid