add

Gaz qazib olishda so‘nggi 4 yilda ilk o‘sish kuzatildi, ammo ko‘mirga qaramlik kuchaymoqda

Bugun 18:213 daqiqa

2025 yil davomida O‘zbekiston gaz ishlab chiqarishni 1 mlrd metr kubga oshirib, 42,3 mlrd metr kubga yetkazdi — bu 2021 yildan beri birinchi o‘sish. Shunga qaramay, mamlakat energiya balansida ko‘mir ulushi oshishda davom etmoqda, neft va benzin ishlab chiqarish qisqarmoqda.

Gaz qazib olishda so‘nggi 4 yilda ilk o‘sish kuzatildi, ammo ko‘mirga qaramlik kuchaymoqda

O‘zbekistonning 2025 yilda sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foizga ko‘tarilib, 1,1 kvadrillion so‘mdan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda

Sanoat mahsulotlari tarkibida gaz ishlab chiqarish 2021 yildan beri birinchi marta ko‘paydi. O‘tgan yili tabiiy gazni ishlab chiqarish 1 mlrd kub metrga oshib, 42,3 mlrd metr kubga yetdi. 

Shunga qaramay, 2018 yilga nisbatan tabiiy gaz ishlab chiqarish to‘rtdan birga qisqarib ketgan. 

1

Eng katta pasayish 2019 yilda kuzatilgan. O‘shanda tabiiy gaz qazib olish birdaniga 10,8 mlrd metr kubga kamaygandi. 

Ishlab chiqarish kamayishi ortidan mamlakat aholisining gazga bo‘lgan talabi ko‘proq import orqali qondirilmoqda. 2025 yilning 11 oyida O‘zbekiston xorijdan 1,5 mlrd dollarga yaqin gaz olib kelgan

Taqqoslash uchun: tabiiy gaz ishlab chiqarish 60 mlrd metr kubdan yuqori bo‘lgan 2019 yilda gaz importi deyarli umuman amalga oshirilmagan. Import 2020 yildan boshlab o‘sib bormoqda. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston gazni boshqa davlatlarga eksport ham qiladi. Rasmiy ma’lumotlar 11 oy ichida gaz sotuvidan 624 mln dollardan oshiq daromad olinganini ko‘rsatadi. 

Biroq, yaqinda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilda Xitoyning o‘ziga gaz sotishdan 773 mln dollar ishlab topgan. 

Bu esa O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ham gaz import qilayotgan, ham gaz eksport qilayotgan mamlakat ekanini ko‘rsatadi. 

Zararli ko‘mir qazib olish barqaror o‘smoqda

Ko‘mir ishlab chiqarish avvalgi yillardagi kabi o‘sishda davom etdi — 2025 yilda u 0,7 mln tonnaga ko‘payib, 8,9 mln tonnaga yetdi. 

Ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 2018 yildan beri doimiy o‘sib kelmoqda. Bunga asosan gaz qazib olish so‘nggi yillarda kamayib borayotgani sabab bo‘lmoqda. 

Ko‘mir ichki resurs sifatida, ayniqsa qish oylarida gazga tezkor muqobil bo‘lib xizmat qila oladi va arzonroq hisoblanadi. Shu maqsadda, hukumat ko‘mir qazib chiqarishni yaqin yillarda yanada ko‘paytirmoqchi. 

Davlat rejalarida ko‘mir importini rag‘batlantirish ham bor. 2025 yilning 11 oyida ko‘mir importi sezilarli — 20 foizdan ko‘proq oshib, 187 mln dollarga yetgan. Eksport atigi 4 mln dollarni tashkil qilgan. 

Qazib olish oson va arzonligiga qaramasdan, ko‘mir ishlab chiqarish  yoqish atmosferaga zararli chiqindilarni chiqarib, havoni sezilarli ifloslantiradi. Ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlar ko‘mirga zararli bo‘lsa-da, arzonroq bo‘lgani uchun «vaqtinchalik yechim» sifatida qaraydi. 

Dunyo bo‘yicha 2025 yilda ishlab chiqarilgan ko‘mir hajmi 9,2 mlrd tonnaga yetib, yangi rekord darajaga chiqishi kutilmoqda. Holbuki, ko‘mirdan foydalanishni global miqyosda kamaytirib borish rejalashtirilgan edi. 

Biroq, siyosiy mojarolar ortidan ta’minot zanjiridagi noqulayliklar bunga yo‘l qo‘ymadi. Ayniqsa Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urush global ta’minot zanjiriga jiddiy zarba berdi. 

Boshqa sanoat mahsulotlari

Tabiiy gaz va ko‘mirdan tashqari 2025 yilda neft, benzin, gaz kondensati va avtomobil dvigatellarini ishlab chiqarish kamaydi. Dizel ishlab chiqarish esa 182 ming tonnaga oshgan. 

2

Elektr energiyasini ishlab chiqarish esa 3,2 mln kWhʼga ko‘payib, 84,8 mln kWhʼga yetdi. 

Bunda o‘sish kichik biznes tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiya hisobiga ta’minlandi. 2025 yilda ularning ko‘rsatkichi 2 barobardan ko‘proq oshib, 21,8 mln kWhʼni tashkil qildi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 44

Barchasi

Mavzuga oid