
G‘azodagi navbatdagi havo hujumlarida 78 kishi halok bo‘ldi
15.07.2025 | 11:1536193
Isroil G‘azo sektoridagi bombardimonlarni davom ettirmoqda. 14 iyul kuni amalga oshirilgan havo hujumlari oqibatida kamida 78 nafar falastinlik halok bo‘lgani ma’lum qilindi. So‘nggi haftalardagi qonli to‘qnashuvlar insonparvarlik yordam markazlarini ham qamrab olmoqda.
«Al Jazeera» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi zarbalar G‘azo sektoridagi bir nechta aholi punktlariga tegishli bo‘ldi. «Wafa» agentligi xabar qilishicha, Isroil harbiylarining Rafah shahridagi yordam tarqatish punktiga uyushtirgan hujumida kamida 5 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Hujumlar natijasida nafaqat tinch aholi, balki gumanitar markazlar ham zarar ko‘rmoqda. Isroil va AQSH qo‘llab-quvvatlaydigan G‘azo gumanitar jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, yordam markazlarida halok bo‘lgan falastinliklar soni 838 nafarga yetdi.
G‘azo janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan ko‘chmanchilar lageriga beriladigan zarba 9 kishining umriga zomin bo‘ldi. Shuningdek, Bureyj qochqinlar lageri yaqinidagi savdo markaziga qilingan hujumda yana 4 nafar fuqaro qurbon bo‘ldi. G‘azo shahrida esa kamida 24 kishi halok bo‘lib, yana o‘nlab falastinlik jarohat olgan.
Isroil matbuotining yozishicha, G‘azo shahridagi to‘qnashuvlar chog‘ida yahudiy harbiylariga pistirma uyushtirilgan. Dastlab tankka raketa otilgan, so‘ngra qurolli otishma sodir bo‘lgan. Isroil mudofaa kuchlari voqea natijasida 3 nafar askar halok bo‘lganini tasdiqladi. Bu hujumlarga javoban Isroil Tuffa va Shujayea mahallalaridagi turar joy binolariga ommaviy havo hujumlari amalga oshirganini «Al Jazeera» ma’lum qilmoqda.





