add

GM Tramp sababli 1,1 mlrd dollarlik foydasidan mosuvo bo‘ldi

25.07.2025 | 20:4050413

General Motors 2025 yilning ikkinchi choragida 1,9 milliard dollar foyda ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bu o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga kam.

GM Tramp sababli 1,1 mlrd dollarlik foydasidan mosuvo bo‘ldi
Amerika avtomobil ishlab chiqaruvchisi General Motors (GM) joriy yilning ikkinchi choragida butun dunyo bo‘ylab 1 million 539 ming dona avtomobil sotganini ma’lum qildi. Kompaniyaning umumiy daromadi 47,1 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga kamaydi. Shu bilan birga, birinchi yarim yillikda daromad barqaror bo‘lib, 91,1 milliard dollarga yetdi. Kompaniyaning ikkinchi chorakdagi foydasi 34 foizga kamayib, 1,9 milliard dollarni tashkil etdi. GM ma’lumotlariga ko‘ra, foydaning kamayishiga import bojlarining oshishi sabab bo‘lgan, bu esa foydani 1,1 milliard dollarga kamaytirgan. GM ijrochi direktori Meri Barra uchinchi chorakda tariflarning ta’siri yanada kuchliroq bo‘lishini ta’kidladi. Shunday bo‘lsa-da, GM kompaniyasining asosiy bozorlari - Shimoliy Amerika va Xitoyda savdosi o‘sishda davom etdi. Ikkinchi chorakda Shimoliy Amerikada 878 mingta (6 foizga ko‘p) va Xitoyda 448 mingta (20 foizga ko‘p) avtomobil sotilgan. Xitoyda GM’ning elektr va gibrid modellariga talab ayniqsa yuqori bo‘lgan. GM yangi savdo sharoitlariga moslashish maqsadida AQSH hududida ishlab chiqarishni kengaytirmoqda. Iyun oyida kompaniya Michigan, Kanzas va Tennessi shtatlaridagi uchta zavodda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 4 milliard dollar ajratgan. «Biznesimizning uzoq muddatli daromadliligini ta’minlash uchun yangi savdo siyosatiga moslashyapmiz», - dedi GM bosh direktori. Investorlar GM’ning AQSHdagi oshirilgan tariflar tufayli ko‘rgan zarariga salbiy munosabat bildirdilar - moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan so‘ng kompaniya aksiyalari 3,3 foizga tushib ketdi.

Teglar

Mavzuga oid

GM Tramp sababli 1,1 mlrd dollarlik foydasidan mosuvo bo‘ldi | Vaqt.uz