add

«Google»–«Apple» kelishuvi «OpenAI» ambitsiyalariga jiddiy zarba berdi

Bugun 08:582 daqiqa

«Google» va «Apple» o‘rtasida imzolangan yangi strategik kelishuv sun’iy intellekt bozorida kuchlar muvozanatini o‘zgartirib, «OpenAI»ning global yetakchilik rejalariga jiddiy xavf solmoqda.

«Google»–«Apple» kelishuvi «OpenAI» ambitsiyalariga jiddiy zarba berdi

Sun’iy intellekt sohasida uzoq vaqt yetakchi sifatida qaralib kelingan «OpenAI» uchun bozor sharoiti keskin o‘zgardi. «Yahoo Finance»ning yozishicha, «Google» o‘zining yangi «Gemini 3» modeli va «Apple» bilan tuzilgan ko‘p yillik hamkorlik orqali texnologik tashabbusni qo‘lga oldi. Bu kelishuv «Apple» mahsulotlarida sun’iy intellektning kelajak arxitekturasini aynan «Google» texnologiyalari belgilab berishini anglatadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Gemini» modellari va «Google»ning bulut infratuzilmasi «Apple» ekotizimiga chuqur integratsiya qilinadi. Bu, ayniqsa, yaqin oylarda yangilanishi kutilayotgan «Siri» ovozli yordamchisi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. «Bloomberg» nashrining baholashicha, «Apple» bu hamkorlik doirasida «Google»ga yiliga taxminan 1 mlrd dollar to‘laydi, garchi moliyaviy shartlar rasman ochiqlanmagan bo‘lsa ham.

Kelishuv bozorda darhol aks-sado berdi. «Google»ning bosh kompaniyasi — «Alphabet» aksiyalari qimmatlashib, uning bozor kapitalizatsiyasi tarixda ilk bor 4 trln dollardan oshdi. Tahlilchilar buni «Google» nafaqat o‘z qidiruv biznesini himoya qilgani, balki «Android» va «iOS» platformalari orqali jahon smartfonlarining asosiy qismida SI standartlarini belgilash imkoniga ega bo‘lgani bilan izohlamoqda.

Bu holat OpenAI uchun «yirik yo‘qotish» sifatida baholanmoqda. Uoll-strit tahlilchilariga ko‘ra, «Gemini 3»ning 2025 yil oxirida muvaffaqiyatli chiqishi «OpenAI»ni himoya holatiga o‘tkazdi. Sem Altman «ChatGPT-5.2»ni shoshilinch taqdim etgan bo‘lsa-da, bozordagi fikrlar raqobatchi model foydasiga shakllandi.

Mutaxassislar «Apple»ning «OpenAI»dan uzoqlashishini faqat texnologiya bilan emas, balki strategik omillar bilan ham bog‘laydi. «OpenAI»ning o‘z brauzerini ishlab chiqishi va yangi iste’molchi qurilma loyihalari uni «Apple» uchun ham ehtimoliy raqobatchiga aylantirdi. Shu bilan birga, katta xarajatlar fonida kompaniya daromadlari yetarli sur’atda o‘smayapti.

Natijada, «Google–Apple» ittifoqi sun’iy intellekt bozorida yangi bosqichni boshlab berib, «OpenAI»ning global yetakchilikka da’volarini jiddiy sinov ostiga qo‘ymoqda.

Teglar

Mavzuga oid