
Google tarixda ilk bor 400 mlrd dollar daromad oldi
Alphabet kompaniyasiga tegishli Google bulutli xizmatlar va YouTube o‘sishi hisobiga rekord moliyaviy natijani qayd etdi.

Google’ga egalik qiluvchi Alphabet kompaniyasi o‘z tarixida birinchi marta yillik daromadini 400 milliard dollardan oshirganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning to‘rtinchi choragi uchun taqdim etilgan moliyaviy hisobotda qayd etilgan bo‘lib, yillik o‘sish sur’ati 15 foizni tashkil etdi.
Google Cloud keltirgan yillik daromadi
Kompaniya daromadining oshishi, avvalo, Google Cloud yo‘nalishining faol kengayishi bilan bog‘liq. Hisobotga ko‘ra, bulutli xizmatlar bo‘limi yil yakunida 70 milliard dollar daromad keltirgan. Bu esa korxona segmentida raqamli infratuzilma va ma’lumotlar bilan ishlashga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.
YouTube platformasi keltirgan yillik daromad
YouTube platformasi ham kompaniya uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Reklama va obuna xizmatlari orqali videoxostingning yillik daromadi 60 milliard dollardan oshib ketgan. Ayniqsa, YouTube Premium kabi pulli xizmatlarga qiziqish ortgani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, Google xizmatlarining umumiy pulli obunachilari soni 325 million nafardan oshgan. Bu ko‘rsatkichga Google One va YouTube Premium kabi servislar foydalanuvchilari ham kiritilgan bo‘lib, kompaniyaning ekotizimi barqaror rivojlanayotganini anglatadi.
Gemini ilovasi
Sun’iy intellekt sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Gemini ilovasi auditoriyasi noyabr oyida Gemini 3 modeli ishga tushirilgandan so‘ng 750 million foydalanuvchidan oshib ketgan. Bundan tashqari, sun’iy intellekt rejimi joriy etilgandan keyin Google qidiruv tizimida kunlik so‘rovlar soni ikki barobarga oshgan.
Kelgusida kompaniya Gemini va AI Mode platformalarida avtomatlashtirilgan to‘lov funksiyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda, bu esa raqamli xizmatlardan tijoriy foydalanishni yanada kengaytirishi kutilmoqda.





