
«Go‘sht, sut narxini barqaror ushlay olmagan rahbarlar ishdan olinadi» — Mirziyoyev
17.06.2025 | 11:1517953
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini barqaror saqlash va sud qarorlarini ijro etish masalalari yuzasidan mutasaddilarga qat’iy topshiriqlar berdi.
O‘tgan hafta go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxini ko‘tarmaslik, korxonalarni «soyadagi» iqtisodiyotdan chiqarish maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmini keshbek sifatida qaytarish tartibi tasdiqlangan edi. Prezident ushbu mexanizmning to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilishi shartligini ta’kidlab, mutasaddilarni keshbek kechikishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirdi.
Yig‘ilishda hokimlarga ham og‘ir so‘zlar aytildi. Prezident: «Hokimlarni ham ogohlantiraman, ushbu yangi mexanizm asosida go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shart. Buni eplay olmaganlari ishdan ketadi», — dedi.
\Shuningdek, sud qarorlari ijrosi bo‘yicha ham jiddiy kamchiliklar tanqid qilindi. 2024 yilda Majburiy ijro byurosiga yuborilgan har beshta sud qaroridan bittasi bajarilmagani ma’lum qilindi. Prezident bu holat fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini susaytirishini ta’kidlab, mas’ul idoralar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.
Davlat rahbari iqtisodiy barqarorlik va adolatli sud tizimi xalq ishonchi uchun asosiy ustunliklardan biri ekanini alohida ta’kidladi.





