Logo

Gulirano Qosimova maktab direktorligiga tiklandi

Bugun 20:462 daqiqa

Sud uning ishdan bo‘shatilishini g‘ayriqonuniy deb topdi va 3 oylik majburiy yo‘qlama (progul) davri uchun ish haqi undirib berilishini belgiladi.

Gulirano Qosimova maktab direktorligiga tiklandi

Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 29-maktabning sobiq direktori Gulirano Qosimova fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan avvalgi ish joyiga tiklandi hamda unga 3 oylik majburiy yo‘qlama (progul) davri uchun ish haqi undirib beriladi. Bu haqda Farg‘ona viloyat sudlari ma’lum qildi.

Sud da’vogarning arizasini ko‘rib chiqib, uning ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi buyruqni g‘ayriqonuniy deb topdi. Qarorga asosan, da’vo arizasida keltirilgan holatlar haqqoniy deb baholanib, fuqaroning talabi to‘liq qanoatlantirilgan.

Gulirano Qosimova avvalroq ish joyida o‘tkazilgan turli noqonuniy tekshiruvlar, shuningdek, yaqinlariga qilingan bosimlar sabab, lavozimidan ketishga majbur bo‘lgan edi.

«Bugun Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudida mening da’vo arizam ko‘rib chiqildi. Men noqonuniy ishdan bo‘shatilganim bo‘yicha sudga murojaat qilgan edim. Sud ishni o‘rganib chiqib, da’vo arizamni qanoatlantirdi. Unda keltirilgan holatlarni haqqoniy deb topib, ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq g‘ayriqonuniy qabul qilinganini tasdiqladi. Natijada, majburiy yo‘qlama (progul) davrim uchun 3 oylik ish haqim undirilishi va avvalgi ish joyimga tiklanishim to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bir yil oldingi sudlarga bo‘lgan munosabatim bilan hozirgisi o‘rtasida anchagina farq bor. Avvallari menda sud tizimiga nisbatan qandaydir ishonchsizlik bor edi. Lekin hozir sudlarga to‘laqonli ishonishimning asl sababi — o‘zim boshdan kechirgan holatlardir. Jinoyat ishlari sudi bo‘ladimi, ma’naviy zarar undirish bo‘yicha fuqarolik sudi yoki mehnat qonunchiligiga doir sudlar bo‘ladimi, barchasida ishlar faqatgina odillik bilan ko‘rib chiqilganiga shaxsan guvoh bo‘ldim», — dedi Qosimovaning o‘zi bayonotida.

Qosimova ishi

O‘tgan yili Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan voqea katta rezonansga sabab bo‘lgan edi. O‘sha paytda Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida maktab direktori bo‘lib ishlagan Gulira’no Qosimova o‘ziga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan zo‘ravonlik va tahqirlash holatlari sodir etilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman IIB tezkor xodimlari uni va soliq inspeksiyasi boshlig‘ini «jinoyat sahnasi» sifatida sahnalashtirilgan operatsiyaga jalb etib, urgan, yechintirgan va yolg‘on ayblovlar ostida bosim o‘tkazgan. Ayol ularning aytganini qilmagani va soliq inspeksiyasi boshlig‘iga tuhmat qilish taklifini rad etgani uchun videoga olinib, keyinroq tahdid va shantajga uchragani aytiladi.

Mazkur holat sudda ko‘rib chiqilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 2025-yil 28-noyabrdagi hukmi bilan Furqat tuman IIB sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarida o‘tattirilishi belgilangan.

Joriy yil mart oyida Gulira’no Qosimova o‘z lavozimidan ozod etildi. U 17-mart kuni rasman ishdan bo‘shagan. Ishdan ketish to‘g‘risidagi qaror tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan qabul qilingan.

Teglar

Mavzuga oid