
Gurjiston saylovlarda xorijdan ovoz berishni bekor qildi
Qarorga ko‘ra, chet eldagi fuqarolar ovoz berish uchun mamlakatga qaytishi shart bo‘ladi.

Gurjiston parlamenti saylov qonunchiligiga o‘zgartirish kiritib, xorijda ovoz berish amaliyotini bekor qildi. Endi mamlakat tashqarisida yashayotgan fuqarolar umummilliy saylovlarda faqat Gurjiston hududida ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Tegishli tuzatishlar Saylov kodeksiga kiritildi va parlament tomonidan ma’qullandi.
Yangi qoidalarga muvofiq, xorijiy davlatlarda saylov uchastkalari ochilmaydi. Bu tartib mahalliy kengashlar va hokimiyat organlari saylovlari kabi, 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga ham tatbiq etiladi. Ya’ni, barcha asosiy saylov jarayonlari faqat mamlakat ichida tashkil etiladi.
Parlamentning huquqiy masalalar qo‘mitasi raisi va hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi deputati Archil Gorduladzening ta’kidlashicha, xorijda yashayotgan fuqarolar saylov kuni vatanga qaytib, o‘z ovozini berish imkoniyatiga ega. U muxolifat tomonidan bildirilayotgan, diaspora saylov huquqidan mahrum qilinayotgani haqidagi iddaolarni asossiz deb atadi.
Hokimiyat vakillari ushbu qarorni «tashqi aralashuv» xavfini kamaytirish zarurati bilan izohlamoqda. Parlament spikeri Shalva Papuashviliga ko‘ra, xorijda yashayotgan fuqarolar tashqi siyosiy muhit va boshqa davlatlar ta’siri ostida qolishi mumkin.
«Xorijiy yurisdiksiya va siyosiy muhit ta’siri ostida bo‘lgan, mamlakat rezidenti hisoblanmaydigan fuqarolar uchun alohida xavflar mavjud, bu holatda davlat aralashuvning oldini ololmaydi. Shunga muvofiq, saylov tizimini Gurjiston hududida tashkil etish saylovlarning barqarorligini oshiradi, «tashqi o‘yinchilar» ta’sirini kamaytiradi va yanada adekvat, ongli tanlovni ta’minlaydi», deya ta’kidladi Papuashvili.
Mazkur qaror jamoatchilikda keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Tanqidchilar uni muxolifatni qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy qatlam — xorijdagi gruzin diasporasiga qarshi qadam sifatida baholamoqda. Siyosiy sharhlovchi Gela Vasadzening aytishicha, hukumat bu orqali Moldova tajribasidagidek, chet eldagi ovozlar saylov natijasini hal qilib qo‘yishining oldini olishga urinmoqda. Ayni paytda Gurjistondan tashqarida taxminan 1,5 million nafar fuqaro istiqomat qiladi.





