
Hafta oxirida O‘zbekistonda ob-havo sezilarli darajada salqinlashadi
Haftaning oxiriga borib havo harorati pasayishi kutilmoqda. Ammo bugun va ertaga respublika bo‘ylab juda yuqori harorat saqlanib turadi. Bu haqda «O‘zgidromet» markazi xabar berdi.

25–26 iyul kunlari kunduzgi harorat O‘zbekistonning ko‘pgina hududlarida +38...+40 daraja, respublika janubida esa +41...+43 darajagacha yetishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik kutilmaydi.
27 iyul, yakshanba kunidan e’tiboran respublikada havo sezilarli darajada salqinlashadi. Kunduzgi harorat +34...+37 daraja, janubiy hududlarda esa +38...+39 darajagacha pasayishi taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, ayrim joylarda shamol 13–18 m/s tezlikkacha kuchayishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Bu esa ayrim yo‘llarda ko‘rish imkoniyatini pasaytiradi.
Toshkent shahrida ham shanbagacha ob-havo ancha issiq bo‘lib, 25–26 iyul kunlari kunduzgi harorat +38...+40 daraja atrofida bo‘ladi. Yakshanba kuni esa +35...+37 darajagacha pasayishi kutilmoqda. Kechalari poytaxtda +22...+25 daraja iliq havo bo‘ladi.





