Logo

Haftalik narxlar tahlili : bozorda qaysi mahsulotlar narxi o‘zgardi?

Kecha 18:486 daqiqa

Sabzavot va mevalar narxlari arzonlayotgan bir paytda, go‘sht narxlari bu haftada deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Shu bilan birga, mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, eng arzon narx Qoraqalpog‘istonda kuzatildi.

Haftalik narxlar tahlili : bozorda qaysi mahsulotlar narxi o‘zgardi?

«Narxtahlil.uz» platformasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1–8-iyul kunlari oziq-ovqat mahsulotlari narxida turlicha o‘zgarishlar kuzatildi. Asosiy iste’mol mahsulotlari narxi barqaror saqlangan bo‘lsa, mavsumiy mahsulotlarda yangi hosil ta’sirida arzonlashuv davom etdi.

Vaqt.uz 1-iyuldan 8-iyulgacha bo‘lgan davrda 15  asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxidagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Kundalik iste’mol mahsulotlari

Hafta davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan barqaror bo‘ldi. Xususan, paxta yog‘i va kungaboqar yog‘i narxi ikki haftadan beri o‘zgarmagan. Ayni paytda  paxta yog‘ining o‘rtacha narxi 20 ming 242 so‘m, kungaboqar yog‘ining narxi esa 21 ming 466 so‘mni tashkil etdi.

Un mahsulotlari segmentida ham  narxlar oshmagan. Birinchi navli un narxi 6 ming 326 so‘m, oliy navli un narxi 9 ming 391 so‘m darajasida o‘zgarishsiz qoldi. Bu asosiy iste’mol mahsulotlari bozorida barqarorlik saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Go‘sht mahsulotlari  narxi ham o‘zgarishsiz qoldi. O‘tgan hafta mol go‘shtining narxi 0,1 foizga arzonlab 122 ming 627 so‘mni tashkil qilgan edi. Bu hafta mol go‘shtining o‘rtacha narxi 122 ming 617 so‘mgacha tushgan bo‘lsada, amalda narxi o‘zgarmagan. Qo‘y go‘shti narxi esa ketma-ket uchinchi hafta o‘zgarmadi. Ya’ni, 1 kg qo‘y go‘shti narxi 133 ming 397 so‘m bo‘ldi.

Ulgurji bozorda narxlar pasaygan bo‘lsa-da, chakana savdoda bu o‘zgarish hali sezilmayapti. Bu holat chakana va ulgurji bozor o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, tashqi savdo ko‘rsatkichlari ham go‘sht bozoridagi vaziyatni aks ettirmoqda.

Ma’lumot uchun, avvalroq go‘sht importi 481,7 mln dollardan oshgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng qimmat go‘sht aynan O‘zbekistonda ekani ma’lum qilingan.

Mosh va guruch kabi kundalik iste’mol mahsulotlari narxi oshishda davom etmoqda. Mosh narxida ham biroz pasayish kuzatildi. Bir hafta ichida uning narxi 0,2 foizga arzonlashib, o‘rtacha 19 ming 638 so‘mni tashkil qildi. 

Biroq tuxum narxi joriy haftada 0,5 foizga pasaydi. Uning narxi 11 ming 324 so‘mgacha tushgan. Tovuq go‘shti narxi esa aksincha 0,2 foizga qimmatlab 32 ming 063 so‘mga yetdi. O‘tgan hafta uning narxi o‘zgarishsiz qolgandi.

Sut mahsulotlari narxi deyarli har hafta turlicha shakllanadi. Masalan, joriy hafta bu mahsulot 0,1 foizga oshib, 7 ming 776 so‘mni tashkil qildi. O‘tgan haftada aksincha 0,2 foizga tushgandi. Shakar narxi esa 13 ming 147 so‘mligicha qoldi. Guruch narxi 1,3 foizga o‘sib, 14 ming 933 so‘mga yetdi. Ushbu mahsulot narxi oshishda davom etmoqda.

3

Sabzavotlar

Sabzavot bozorida mavsumiy arzonlashuv tendensiyasi davom etdi. O‘tgan hafta baqlajon 12,7 foizga arzonlashgan bo‘lsa, bu hafta ham uning narxi yana tushib 5,2 foizga pasaydi. Uning o‘rtacha narxi 5 ming 711 so‘mni tashkil qildi. Baqlajon narxi hafta ichida eng keskin tushgan mahsulot sifatida qayd etildi.

Pomidor ham bir yarim haftadan beri pasaymoqda. Hafta davomida pomidor 10,5 foizga arzonlab, 5 ming 190 so‘mni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan hafta ushbu mahsulot narxi 13,4 foizga tushgan edi.

Bodring joriy haftada 14,5 foizga qimmatlab, mahsulotlar ichida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Uning o‘rtacha narxi 6 ming 149 so‘mga oshdi. O‘tgan haftada bodring 5 ming 369 so‘mdan sotilgandi. Shuningdek, bu hafta karam narxi keskin oshgani kuzatildi. 1 kg karam 3 ming 794 so‘mni tashkil qilib, 2,7 foizga o‘sdi. O‘tgan haftada karam 0,6 foizga arzonlab, 3 ming 693 so‘mni tashkil qilgandi.

Kartoshkada ham narxlar ketma-ket tushmoqda. 1 kg kartoshka narxi 1,5 foizga pasayib, 4 ming 520 so‘mni tashkil etdi. Piyoz narxi ham sezilarli darajada pasaygan. Uning o‘rtacha narxi 2 ming 382 so‘m tashkil qilib, 0,2 foizga tushgan. O‘tgan haftada piyoz narxi 2 ming 271 so‘mga yetib, 2 foizga qimmatlashgan edi.

Sabzi narxi o‘tgan hafta qimmatlagan bo‘lishiga qaramay, bu haftada uning narxi o‘zgarishsiz qoldi. 1 kg sabzi 4 ming 370 so‘m darajasida shakllangan.

Yangi hosilning bozorga ko‘proq kirib kelishi pomidor, baqlajon, kartoshka va bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar narxining pasayishiga xizmat qilmoqda. Biroq bodring va karam narxining oshgani ayrim mahsulotlarda taklif hajmi va mavsumiy omillar turlicha shakllanayotganini ko‘rsatadi.

2

Mevalar

Mevalar segmentida esa aksariyat mahsulotlar narxining arzonlashuvi kuzatildi. Eng katta pasayish uzum narxida qayd etilib, bir hafta ichida 3,1 foizga arzonladi. Natijada 1 kg uzumning o‘rtacha qiymati 14 ming 677 so‘mni tashkil qildi. Ushbu mahsulot narxi bir oydan beri tushmoqda.

Limon ham ketma-ket uchinchi hafta o‘sishni qayd etdi. Agar o‘tgan hafta mahsulot 0,6 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta o‘sish 0,5 foizni tashkil qildi va narx 50 ming 053 so‘mga yetdi.

Olma va nok mahsulotlari narxlarida ham pasayish tendensiyasi kuzatildi. Xususan, olma narxi hafta davomida 2 foizga arzonlashib, 13 ming 500 so‘mga tushdi.

Shuningdek, nok narxi ham arzonlashishda davom etmoqda. Uning 1 kg narxi 19 ming 516 so‘mni tashkil qildi. Bu narx o‘tgan haftaga nisbatan 1,4 foizga arzonlagan.

Umuman, mevalar bozorida narxlarning pasayish tendensiyasi saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, limon narxi oshishda davom etmoqda.

1

Hududlar kesimida go‘sht narxlari qanday?

1-iyul holatiga ko‘ra, mol gol go‘shti narxi hududlar kesimida turlicha shakllangan. Respublika kesimida o‘rtacha narx 123 ming so‘m atrofida bo‘lsa-da, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yuqori, ayrim hududlarda esa nisbatan past saqlanmoqda. 

Hudud

01.07.2026

08.07.2026

O‘zgarish (%)

Qoraqalpog‘iston

109 512

109 749

+0,22%

Qashqadaryo viloyati

121 542

121 799

+0,21%

Xorazm viloyati

116 958

117 154

+0,17%

Sirdaryo viloyati

122 827

122 937

+0,09%

Toshkent shahri

131 414

131 498

+0,06%

Andijon viloyati

126 394

126 405

+0,01%

Navoiy viloyati

119 268

119 267

0,00%

Buxoro viloyati

118 628

118 612

-0,01%

Surxondaryo viloyati

126 118

126 096

-0,02%

Namangan viloyati

126 330

126 268

-0,05%

Toshkent viloyati

122 918

122 841

-0,06%

Farg‘ona viloyati

123 987

123 870

-0,09%

Jizzax viloyati

127 381

127 067

-0,25%

Samarqand viloyati

126 017

125 658

-0,28%

Mol go‘shti narxi hududlar kesimida sezilarli darajada farq qilmoqda. Xususan, eng qimmat go‘sht Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi. Toshkent shahrida 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 131 ming 498 so‘mni, Jizzax viloyatida esa 127 ming 067 so‘mni tashkil qildi.

Aksincha, eng arzon mol go‘shti Qoraqalpog‘iston Respublikasida sotilmoqda. Bu hududda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 109 ming 749 so‘mni tashkil etdi. Qizig‘i, Qoraqalpog‘iston bu haftada mol go‘shti narxi eng ko‘p oshgan hudud bo‘ldi. Bir haftada go‘sht narxi 0,22 foizga qimmatlagan.

Shuningdek, Xorazm viloyati 117 ming 154 so‘m va Buxoro viloyati 118 ming 612 so‘m bilan narxlar nisbatan past bo‘lgan hududlar qatoridan o‘rin oldi.

Hafta davomida mol go‘shti narxlari hududlar kesimida keskin o‘zgarmadi. 14 ta hududdan 6 tasida narxlar biroz oshgan, 8 tasida esa pasaygan. Biroq barcha hududlarda haftalik o‘zgarish 0,3 foizdan oshmagani mol go‘shti bozorida qisqa muddatda narxlar nisbatan barqaror bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

Hafta yakuniga ko‘ra, mol go‘shtining eng yuqori narxi Yunusobod tumanida saqlanib, bir kilosi 135  ming 682 so‘mni tashkil qildi. Ayni paytda, eng katta arzonlashuv Quyichirchiq tumanida kuzatilib, narxlar 1,7 foizga pasaydi.

Shunday qilib, eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq qariyb  21 ming 749 so‘mni tashkil etdi. Natijada, bir kilogramm mol go‘shti narxida hududlar kesimida qariyb 20 foizlik tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Joriy haftada oziq-ovqat bozorida asosiy iste’mol mahsulotlari narxi deyarli o‘zgarmadi. Mavsumiy mahsulotlarda esa qarama-qarshi tendensiya kuzatildi, ya’ni yangi hosil hisobiga ayrim meva va sabzavotlar arzonlashishda davom etgan bo‘lsa, ayrim mahsulotlarda qisqa muddatli narx o‘sishi qayd etildi. Mol go‘shti narxlari umumiy hisobda barqaror qolgan bo‘lsa-da, viloyatlar o‘rtasidagi narx tafovuti hanuz sezilarli darajada saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 24-iyundan 1-iyulgacha bo‘lgan holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishini ham tahlil qilgan edik.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Mavzuga oid