Logo

Haftalik narxlar tahlili : mahsulotlar narxi qanday o‘zgardi?

Kecha 19:106 daqiqa

Sabzavot va mevalarda mavsumiy arzonlashuv davom etayotgan bir paytda, asosiy iste’mol mahsulotlaridan biri go‘sht narxlari bu hafta deyarli o‘zgarmadi. Shu bilan birga, mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, eng arzon narx Qoraqalpog‘istonda kuzatildi.

Haftalik narxlar tahlili : mahsulotlar narxi qanday o‘zgardi?

«Narxtahlil.uz» platformasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 8-15-iyul kunlari oziq-ovqat mahsulotlari narxida turlicha o‘zgarishlar kuzatildi. Asosiy iste’mol mahsulotlari narxi barqaror saqlangan bo‘lsa, mavsumiy mahsulotlarda yangi hosil ta’sirida arzonlashuv davom etdi.

Vaqt.uz 8-iyuldan 15-iyulgacha bo‘lgan davrda 15 xil asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxidagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Kundalik iste’mol mahsulotlari

Hafta davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan barqaror bo‘ldi. Xususan, paxta yog‘i va kungaboqar yog‘i narxi ketma-ket uch haftadan beri deyarli o‘zgarmagan. Ayni paytda  paxta yog‘i va kungaboqar yog‘i 0,1 foizga yuqorilagan bo‘lsa ham, amalda narxi o‘zgarmagan.  Ularning o‘rtacha narxi mos ravishda 20 ming 219 so‘m, kungaboqar yog‘ining narxi esa 21 ming 437 so‘mni tashkil etdi.

Un mahsulotlari segmentida ham  narxlar sezilarli darajada oshmagan. Hafta ichida birinchi navli un narxi 0,1 foizga arzonlab, 6 ming 235 so‘mni, oliy navli un narxi ham 0,1 foizga tushib 9 ming 379 so‘mni tashkil qildi. Bu asosiy iste’mol mahsulotlari bozorida barqarorlik saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Qo‘y go‘shti narxi 3 haftadan buyon narxi o‘zgarmagan bo‘lsada,  shu hafta 0,1 foizgacha arzonladi. Ya’ni, 1 kg qo‘y go‘shti narxi 133 ming 210 so‘m bo‘ldi.

Ulgurji bozorda narxlar pasaygan bo‘lsa-da, chakana savdoda bu o‘zgarish hali sezilmayapti. Bu holat chakana va ulgurji bozor o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, tashqi savdo ko‘rsatkichlari ham go‘sht bozoridagi vaziyatni aks ettirmoqda.

Xususan, 21-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev aprel–iyun oylarida go‘sht narxlari 6–8 foizga oshganini qayd etdi. Shu sababli import go‘shtni samolyotda olib kelish xarajatlarini qoplash amaliyoti 2026 yil oxirigacha uzaytirilishi haqida xabar bergan edik.

Shakar va guruch mahsulotlarida narxlar turlicha o‘zgardi. Shakar narxi esa 13 ming 129 so‘mga yoki 0,1 foizga tushgan. Lekin chakananarx o‘zgarmagan. Guruch  narxi  aksincha oshishda davom etmoqda. Uning qiymati bir haftada 0,4 foizga qimmatlab, 15 ming 090 so‘mni tashkil qildi.

Sut mahsulotlari narxi deyarli har hafta turlicha shakllanadi. Masalan, joriy hafta bu mahsulot 0,2 foizga tushib, 7 ming 776 so‘mni tashkil qildi. O‘tgan haftada aksincha 0,1 foizga oshgandi.  Bu hafta ham tuxum sezilarli darajada pasaydi. Uning narxi 0,7 foizga arzonlab, 11 ming 195 so‘mgacha tushdi. Tovuq go‘shti narxi esa o‘tgan hafta 0,2 foizga qimmatlagan bo‘lishiga qaramay, bu hafta uning narxi 0,1 foizga arzonladi. 1kg tovuq go‘sht narxi 32 ming 031 so‘mdan sotilgan.

1

Sabzavotlar

Sabzavot bozorida mavsumiy arzonlashuv tendensiyasi davom etmoqda. O‘tgan hafta baqlajon 5,2 foizga arzonlashgan bo‘lsa, bu hafta ham uning narxi yana tushib 6,1 foizga pasaydi. Uning o‘rtacha narxi 5 ming 362 so‘mni tashkil qildi. Baqlajon narxi hafta ichida eng keskin tushgan mahsulotlar sifatida qayd etildi. Bulg‘or qalampiri ham 4 foizga arzonlab, 7 ming 620 so‘mni tashkil qildi.

Pomidor ham bir yarim haftadan beri pasaymoqda. Hafta davomida pomidor 5,5 foizga arzonlab, 4 ming 749 so‘mni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan hafta ushbu mahsulot narxi 10,5 foizga tushgan edi.

Bodring joriy haftada 6,2 foizga arzonlab, mahsulotlar ichida eng keskin pasayishni qayd etdi. Uning o‘rtacha narxi 5 ming 767 so‘mgaacha tushdi. O‘tgan haftada bodring 6 ming 149 so‘mdan sotilgandi. Shuningdek, bu hafta sabzi narxi keskin oshgani kuzatildi. 1 kg sabzi 4 ming 429 so‘mni tashkil qilib, 1,4 foizga o‘sdi. O‘tgan haftada sabzi narxi 4 ming 429 so‘m bilan o‘zgarishsiz qolgandi.

Kartoshkada ham narxlar ketma-ket tushmoqda. 1 kg kartoshka narxi 3,8 foizga pasayib, 4 ming 346 so‘mni tashkil etdi. Piyoz narxi aksincha sezilarli darajada ko‘tarilgan. Uning o‘rtacha narxi 2 ming 400 so‘m tashkil qilib, 0,8 foizga oshgan. O‘tgan haftada piyoz narxi 2 ming 382 so‘mni tashkil qilib, 0,2 foizga tushgan edi.

Yangi hosilning bozorga ko‘proq kirib kelishi pomidor, baqlajon, kartoshka va bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar narxining pasayishiga xizmat qilmoqda. Biroq bodring va karam narxining oshgani ayrim mahsulotlarda taklif hajmi va mavsumiy omillar turlicha shakllanayotganini ko‘rsatadi.

3

Mevalar

Mevalar segmentida esa aksariyat mahsulotlar narxining arzonlashuvi kuzatildi. Eng katta pasayish uzum narxida qayd etilib, bir hafta ichida 3,1 foizga arzonladi. Natijada 1 kg uzumning o‘rtacha qiymati 14 ming 677 so‘mni tashkil qildi. Ushbu mahsulot narxi bir oydan beri tushmoqda.

Limon narxi ham 1 oydan beri o‘sishda davom etmoqda. Agar o‘tgan hafta mahsulot 0,5 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta o‘sish 0,4 foizni tashkil qildi va narx 50 ming 239 so‘mga yetdi.

Olma va nok mahsulotlari narxlarida ham pasayish tendensiyasi kuzatildi. Xususan, olma narxi hafta davomida 1,9 foizga arzonlashib, 13 ming 238 so‘mga tushdi.

Shuningdek, nok narxi ham arzonlashishda davom etmoqda. Uning 1 kg narxi 19 ming 068 so‘mni tashkil qildi. Bu narx o‘tgan haftaga nisbatan 2,3 foizga arzonlagan.

Umuman, mevalar bozorida narxlarning pasayish tendensiyasi saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, limon narxi oshishda davom etmoqda.

2

Hududlar kesimida tafovutlar qanday?

15-iyul holatiga ko‘ra, mol go‘shti narxlari hududlar kesimida sezilarli darjada farq qilmoqda. Respublika kesimida o‘rtacha narx 123 ming so‘m atrofida bo‘lsa-da, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yuqori, ayrim hududlarda esa nisbatan past saqlanmoqda.

Hudud

08.07.2026

15.07.2026

O‘zgarish (%)

Qoraqalpog‘iston

109 749

110 570

+0,75%

Xorazm viloyati

117 154

117 877

+0,62%

Toshkent viloyati

122 841

123 059

+0,18%

Andijon viloyati

126 405

126 482

+0,06%

Qashqadaryo viloyati

121 799

121 808

+0,01%

Namangan viloyati

126 268

126 226

−0,03%

Toshkent shahri

131 498

131 407

−0,07%

Surxondaryo viloyati

126 096

125 990

−0,08%

Jizzax viloyati

127 067

126 951

−0,09%

Samarqand viloyati

125 658

125 433

−0,18%

Farg‘ona viloyati

123 870

123 643

−0,18%

Sirdaryo viloyati

122 937

122 693

−0,20%

Navoiy viloyati

119 267

118 989

−0,23%

Buxoro viloyati

118 612

118 297

−0,27%

Mol go‘shti narxi hududlar kesimida sezilarli darajada farq qilmoqda. Xususan, eng qimmat go‘sht Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi. Toshkent shahrida 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 131 ming 407 so‘mni, Jizzax viloyatida esa 126 ming 951 so‘mni tashkil qildi.

Aksincha, eng arzon mol go‘shti Qoraqalpog‘iston Respublikasida sotilmoqda. Bu hududda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 110 ming 570 so‘mni tashkil etdi. Qizig‘i, Qoraqalpog‘iston bu haftada mol go‘shti narxi eng ko‘p oshgan hudud bo‘ldi. Bir haftada go‘sht narxi 0,75 foizga qimmatlagan.

Shuningdek, Xorazm viloyati 117 ming 877 so‘m va Buxoro viloyati 118 ming 297 so‘m bilan narxlar nisbatan past bo‘lgan hududlar qatoridan o‘rin oldi.

Hafta davomida mol go‘shti narxlari hududlar kesimida keskin o‘zgarmadi. 14 ta hududdan 5 tasida narxlar biroz oshgan bo‘lsa, 9 tasida pasaygan. Shunga qaramay, barcha hududlarda haftalik o‘zgarish 1 foizdan oshmagani mol go‘shti bozorida narxlar nisbatan barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Hafta yakuniga ko‘ra, mol go‘shtining eng yuqori narxi Yunusobod tumanida saqlanib, bir kilosi 135  ming 682 so‘mni tashkil qildi. Ayni paytda, eng katta arzonlashuv Uchko‘prik tumanida kuzatilib, narxlar 2,3 foizga pasaydi.

Shunday qilib, eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq qariyb  20 ming 700 so‘mni tashkil etdi. Natijada, bir kilogramm mol go‘shti narxida hududlar kesimida qariyb 19 foizlik tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Joriy haftada oziq-ovqat bozorida asosiy iste’mol mahsulotlari narxi deyarli o‘zgarmadi. Mavsumiy mahsulotlarda esa qarama-qarshi tendensiya kuzatildi, ya’ni yangi hosil hisobiga ayrim meva va sabzavotlar arzonlashishda davom etgan bo‘lsa, ayrim mahsulotlarda qisqa muddatli narx o‘sishi qayd etildi. Mol go‘shti narxlari umumiy hisobda barqaror qolgan bo‘lsa-da, viloyatlar o‘rtasidagi narx tafovuti hanuz sezilarli darajada saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-15-iyulgacha bo‘lgan holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishini ham tahlil qilgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Haftalik narxlar tahlili : mahsulotlar narxi qanday o‘zgardi? | Vaqt.uz