
Haj–2026 mavsumi uchun yangi qoidalar joriy etildi
16.10.2025 | 23:004204
Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi «Haj–2026» mavsumi uchun ziyoratchilar sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi qoidalarni joriy etdi.

Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi «Haj – 2026» mavsumi uchun yangi tartibni joriy etdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Haj va Umra markazi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yilgi Haj safariga boruvchi har bir ziyoratchiga «Nusuk» platformasi orqali olingan tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etilgan taqdirda haj vizasi rasmiylashtiriladi. Mazkur tartib haj ziyoratchilarining xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlashga qaratilgan.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli idoralarga ziyoratchilarni sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda haj safariga borishga jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni aniqlash majburiyatini yukladi.
Haj – 2026 mavsumida quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilarga haj safarini amalga oshirishga ruxsat berilmaydi:
— Dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;
— Minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;
— Davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi o‘pkaning surunkali kasalliklari;
— Jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining og‘ir bosqichi;
— Og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
— Qarilik demensiyasi kasalliklari;
— Homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega bo‘lgan har qanday homiladorlik;
— Faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);
— Kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar;
Shuningdek, Haj vazirligi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan yoki soxta ma’lumot taqdim etgan holatlar aniqlansa, belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.





