
Halol sanoatini rivojlantirish: Malayziya Qashqadaryoda yirik loyiha boshlamoqchi
01.07.2025 | 12:4010142
Malayziya kompaniyalari Qashqadaryo viloyatida «halol» mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish va O‘zbekistonni mintaqaviy «halol» markaziga aylantirish niyatida.
Malayziyaning «CB Synergy», «Perak Halal Corporation» va «PK-Agro Industrial Products» kompaniyalari Qashqadaryoda «halol» oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun konsorsium tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev va Malayziya kompaniyalari rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
Malayziya tomoni mazkur tashabbusni Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish va «halol» sanoati uchun zarur ekotizimni yaratish bo‘yicha kelishuv tuzish niyatida.
Bundan tashqari, Malayziya Islom taraqqiyoti departamentining «halol» sertifikatlarini O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish tizimini joriy etish ham rejalashtirilmoqda. Bu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlari kengayadi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning oziq-ovqat sanoatida yangi imkoniyatlar ochishi va mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





