
Halyk Bank Click’ning 49 foiz aksiyasini sotib oldi
Qozog‘istonning eng yirik moliyaviy guruhi hisoblangan Halyk Bank O‘zbekistonning fintex yetakchilaridan biri bo‘lgan Click kompaniyasining 49 foiz aksiyalarini 176,4 mln AQSH dollariga sotib oldi.

Shu bilan birga, Click aksiyadorlari Halyk’ning O‘zbekistondagi sho‘’ba banki — Tenge Bank’ning 49 foiz aksiyalarini 60,76 mln dollar evaziga xarid qilmoqda. Har ikkala tomon ham o‘z huquqiy maqomini saqlab qolgan holda o‘zaro sheriklikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bitimlar Qozog‘iston va O‘zbekistondagi muvofiq davlat organlarining ruxsatlariga bog‘liq holda to‘liq amalga oshiriladi. Bu haqda rasmiy bayonot London fond birjasi orqali эълон qilindi.
Ushbu kelishuv ikki mamlakat bozorlarida yetakchi o‘ringa ega bo‘lgan kompaniyalarning hamkorligini mustahkamlab, moliyaviy va fintex xizmatlar bozorida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Halyk Bank aktivlari 37,5 mlrd dollarga yetgan, 6,8 mlrd dollarlik bozor qiymatiga ega bo‘lgan va xalqaro reyting agentliklaridan investitsiya darajasidagi baholarga ega bank hisoblanadi. U bankchilik, sug‘urta, brokerlik, aktivlar boshqaruvi kabi sohalarda keng qamrovli xizmatlar taqdim etadi.
Click esa O‘zbekistondagi yetakchi to‘lov platformalaridan biri bo‘lib, 20 milliondan ortiq foydalanuvchi va 10 million elektron hamyon bazasiga ega. Kompaniya SuperApp strategiyasi doirasida turli xizmatlarni yagona platformada jamlagan va 2024 yilda 35,3 foizlik daromad, 37,5 foizlik sof foyda o‘sishiga erishgan.
Ushbu strategik sheriklik orqali tomonlar O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes, yirik mijozlar hamda chakana segment uchun ilg‘or texnologik yechimlar va raqamli xizmatlar taqdim etishni maqsad qilgan.





