
Har bir rahbar topshiriq kutmasdan tashabbus ko‘rsatishi shart
16.06.2025 | 10:0019303
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, hududlardagi holat va aholini o‘ylantirayotgan muammolar muhokama qilinmoqda.

Yig‘ilish avvalida so‘nggi besh oyda erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tildi. Mamlakatda sanoat 6,4 foizga o‘sgan, eksport hajmi 18 foizga, xorijiy investitsiyalar esa 46 foizga ko‘paygan. Qiymati 3 milliard dollar bo‘lgan 2,5 mingdan ziyod yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan. Shu davrda 2 million 400 ming kishi daromadli mehnatga jalb etilgan.
Shu bilan birga, Prezident jahondagi geosiyosiy murakkabliklar, xususan, yaqinda avj olgan yangi mojaro O‘zbekiston mintaqasiga ham ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi. Agar keskinlik davom etsa, pandemiyadan keyin tiklanayotgan xalqaro savdo va logistika aloqalari yana qiyinlashishi mumkin.
Shu munosabat bilan davlat rahbari barcha darajadagi rahbarlarga muhim tavsiya berdi: hokimlar va vazirlar endilikda o‘z hududi va sohasidagi xavf va imkoniyatlarni oldindan anglab, topshiriq kutmasdan mustaqil tashabbus ko‘rsatishi kerak. Ularning asosiy vazifasi esa aholi va biznes bilan doimiy muloqot qilib, muammolarga tezkor yechim topishdan iborat bo‘lishi lozim.
Prezident, shuningdek, tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj hozir har qachongidan ham yuqori ekanini ta’kidladi.





