add

Haydovchilik guvohnomasini onlayn tiklash xizmati yo‘lga qo‘yildi

19.09.2025 | 18:2039743

Yagona davlat xizmatlari portalida haydovchilik guvohnomasini yo‘qotgan fuqarolar uchun onlayn tiklash xizmati ishga tushirildi. Xizmat tezkor, qulay va to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Haydovchilik guvohnomasini onlayn tiklash xizmati yo‘lga qo‘yildi

YAIDXP matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, endi fuqarolar my.gov.uz sayti orqali «Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish» xizmatini tanlab, «Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash» bo‘limida ariza topshirishlari mumkin.

Xizmat uchun to‘lov miqdori 370 800 so‘m etib belgilangan. Shuningdek, guvohnomani pochta orqali tanlangan manzilga yetkazib berish xizmatidan ham foydalanish mumkin bo‘lib, buning uchun qo‘shimcha 25 000 so‘m to‘lanadi.

Yangi tartibda arizalar 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Agar pochta orqali yetkazib berish xizmati tanlansa, umumiy muddat 3 ish kunigacha cho‘zilishi mumkin.

Shu bilan birga, ma’lumotlar tizimda tasdiqlanmagan hollarda, fuqaro transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa yoki unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan taqdirda ariza rad etiladi. Xususan, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131 va 136-moddalarida nazarda tutilgan qoidabuzarliklar ham rad etish sababi bo‘lishi mumkin.

Bu yangilik haydovchilarga vaqti va sa’y-harakatini tejash imkonini beradi, chunki endi guvohnomani tiklash uchun idoralarga borish shart emas.

Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabrdan moped va skuterlarga avtoraqam taqiladi va haydovchilik guvohnomasi bilan boshqariladi.

Teglar

Mavzuga oid

Haydovchilik guvohnomasini onlayn tiklash xizmati yo‘lga qo‘yildi | Vaqt.uz