
Haydovchilik guvohnomasisiz skuter haydashning jazosi qanaqa?
29.09.2025 | 18:2241433
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab «A» yoki «A1» kategoriyali guvohnomasiz skuter va moped haydaganlar 2 mln 60 ming so‘m miqdorida jarima to‘lay boshlashadi.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) tomonidan e’lon qilingan yangi tartibga ko‘ra, elektr skuterlar va ularga o‘xshash transport vositalarini boshqarish uchun endi haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi. Bu qaror yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish maqsadida qabul qilindi.
Yangi qoidalar 2025 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi va unga muvofiq, «A» kategoriyali haydovchilik guvohnomasi – mototsikl va unga tenglashtirilgan ikki g‘ildirakli vositalar uchun, «A1» kategoriyasi esa dvigatel hajmi 125 santimetr kubgacha bo‘lgan engil mototsikllar va skuterlarga tegishli.
Agar haydovchi belgilangan guvohnomaga ega bo‘lmasa, unga nisbatan 2 mln 60 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi. Bu jarima miqdori amaldagi Bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravariga tenglashtirilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, elektr skuterlarning shahar ko‘chalari va ko‘p aholi yashaydigan hududlarda ko‘payishi, ushbu vositalardan foydalanish madaniyati va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish darajasini oshirishni taqozo qilmoqda. Shuning uchun yangi tartib haydovchilarning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur hisoblanadi.
Fuqarolarni o‘z vaqtida haydovchilik guvohnomasini olishga, yo‘l harakati qoidalarini qat’iy bajarishga va o‘z hamda boshqalarning hayotini himoya qilishga chaqiramiz.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz saytida 1 oktyabrdan moped va skuterlarga avtoraqam taqilishi va haydovchilik guvohnomasi bilan boshqarilishi haqida xabar bergan edik.





