add

Hindiston markaziy banki steyblkoinlardan voz kechishga chaqirdi

04.01.2026 | 10:272 daqiqa

Hindiston markaziy banki steyblkoinlarni global moliyaviy barqarorlikka xavf deb baholab, davlatlarni xususiy tokenlar emas, markaziy bank raqamli valyutalariga ustuvorlik berishga chaqirdi.

Hindiston markaziy banki steyblkoinlardan voz kechishga chaqirdi

Hindistonning markaziy banki — Hindiston zaxira banki (RBI) steyblkoinlarni yuqori xavfli moliyaviy aktivlar sifatida baholab, barcha davlatlarni ularni rivojlantirishdan voz kechishga chaqirdi. Regulyatorga ko‘ra, xususiy fintex kompaniyalari tomonidan chiqarilayotgan steyblkoinlar global moliyaviy barqarorlik va pul-kredit tizimi uchun jiddiy xatarlar tug‘diradi.

«RBI»ning moliyaviy barqarorlik bo‘yicha yillik hisobotida qayd etilishicha, fiat valyutalarga bog‘langan tokenlar pulning asosiy xususiyatlariga javob bermaydi. Markaziy bankning ta’kidlashicha, «ishonchli pul» uchun zarur bo‘lgan birxillik, moslashuvchanlik va yaxlitlik kabi mezonlar steyblkoinlarda ta’minlanmagan. Bu esa markaziy banklarning iqtisodiyotga ta’sirini susaytirishi mumkin.

Regulyator steyblkoinlarning xususiy kompaniyalar tomonidan chiqarilishi alohida xavf ekanini ham ta’kidladi. Bunday tokenlar bazaviy aktivga bog‘liqligini yo‘qotishi mumkin, bu esa investorlar uchun katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib keladi. Ayniqsa, xorijiy valyutalarga bog‘langan steyblkoinlarning keng tarqalishi milliy valyutalarni siqib chiqarib, pul suverenitetiga putur yetkazishi mumkin.

Shu sabab «RBI» davlatlarni markaziy bank raqamli valyutalari — «CBDC»larni rivojlantirishga e’tibor qaratirishga chaqirdi. Hindiston markaziy banki fikricha, «CBDC»lar maxfiylikni himoya qilish, tranzaksiya xarajatlarining pastligi va xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari orqali pul tizimida «birxillik»ni saqlab qolishi mumkin.

Avvalroq «RBI» internetga kirish cheklangan hududlarda raqamli rupiyani sinovdan o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Hindiston xalqaro hisob-kitoblarda raqamli rupiyadan foydalanish bo‘yicha alohida direktivalarni ham e’lon qilgan.

Teglar

Mavzuga oid