add

Hindiston olti yillik kechikishdandan so‘ng aholini ro‘yxatga olishni boshladi

05.06.2025 | 22:004673

Dunyodagi eng yirik aholi ro‘yxatga olish jarayonlaridan biri bo‘lgan Hindistonning navbatdagi aholini sanoqdan o‘tkazish tadbiri rasman e’lon qilindi. Mamlakat hukumatiga ko‘ra, ro‘yxatga olish ikki bosqichda o‘tkaziladi va 2027 yilda yakunlanadi.

Hindiston olti yillik kechikishdandan so‘ng aholini ro‘yxatga olishni boshladi
Avvaliga 2021 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sanoq so‘nggi olti yil davomida turli sabablar bilan kechiktirildi. Oxirgi marta Hindiston aholisi 2011 yilda rasman ro‘yxatga olingan. Hukumat kechikishni avval koronavirus pandemiyasi bilan izohlagan, biroq keyingi yillarda sanoqning boshlanmasligi tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi 5 iyun kuni ma’lum qilishicha, ro‘yxatga olishning asosiy sanasi 2027 yil 1 mart deb belgilangan. Himalay tog‘li hududlari — Ladak, Jammu va Kashmir, Uttarakxand va Himachal-Pradeshda esa sanoq 2026 yil 1 oktyabrga qadar amalga oshiriladi. Biroq sanoqning aniq qachon boshlanishi hozircha ma’lum qilinmagan. Mazkur ro‘yxatda ilk marta barcha fuqarolarning irqiy (kasta) mansubligi ham qayd etilishi kutilmoqda. Bu esa Hindistonda an’anaviy ravishda siyosiy va ijtimoiy tortishuvlarga sabab bo‘ladigan masala hisoblanadi. Oxirgi marta kasta bo‘yicha ma’lumotlar 1931 yilda, Britaniya mustamlaka davrida to‘plangan edi. Aholini ro‘yxatga olish jarayoni Hindistonning 1948 yilda qabul qilingan qonunlariga asosan o‘tkaziladi. Biroq mazkur qonun sanoq qachon va qanday davriylikda o‘tkazilishi yoki uning natijalari qachon e’lon qilinishi kerakligini belgilamaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kechikish mamlakat miqyosida resurslar taqsimoti va ijtimoiy dasturlar samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Taniqli iqtisodchi K.P. Kannanning 2023 yilda BBCga bildirishicha: «Ro‘yxatga olish — faqat aholi sonini aniqlash emas, balki davlat qarorlarini mahalliy darajada qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni beradigan muhim jarayon»

Teglar

Mavzuga oid