add

Hindiston va Xitoy munosabatlarni tiklashga kelishdi

31.08.2025 | 19:0047594

SHHT sammitidagi uchrashuvda Hindiston va Xitoy rahbarlari AQSH savdo urushi bosimi ostida ikki davlat iqtisodiy hamkorligini kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash hamda chegara nizolarini yumshatish yo‘llarini muhokama etdi.

Hindiston va Xitoy munosabatlarni tiklashga kelishdi
Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Si Jinping va Narendra Modining uchrashuvi ikki davlat yetakchilari orasidagi yetti yillik tanaffusdan keyin ilk muloqot bo‘ldi. Sammitda ikki tomon chegara masalalari munosabatlarni belgilab bermasligi, strategik hamkorlik esa kelajak taraqqiyoti uchun «to‘g‘ri yo‘l» ekanini ta’kidladi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi. Si Jinping Xitoy va Hindiston raqib emas, balki rivojlanish imkoniyatlari sifatida bir-birini ko‘rishi kerakligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ajdar va fil birga raqs tushsa, ikki davlat munosabatlari barqaror o‘sadi». Modi esa ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklanishini ma’lum qildi hamda so‘nggi yilda chegaradagi qarshilik nuqtalaridagi harbiylar orqaga chekinganidan keyin vaziyat barqarorlasha boshlaganini bildirdi. Uchrashuv AQSH ma’muriyatining Hindiston tovarlariga 50 foizlik tarif joriy qilgan paytiga to‘g‘ri keldi. Vashington bu qarorni Nyu-Dehlining Rossiya neftini sotib olishini bahona qilib izohlamoqda. Hindiston esa buni «noxaq» qaror sifatida baholab, uning eksportiga og‘ir zarba berishini ta’kidladi. O‘tgan yili Hindiston AQSHga 87 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilgan. Har ikki tomon savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish hamda savdo defitsitini qisqartirishga kelishdi. Muloqot davomida Si Jinping ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va xalqaro munosabatlarda «ko‘proq demokratiya» tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini urg‘uladi. Sammitda Rossiya, Eron va Pokiston siyosiy yetakchilari ham ishtirok etdi. Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, uchrashuv Nyu-Dehli va Pekinning ko‘p yillik nizolardan keyin muloqotga tayyor ekanini namoyish etdi. Bu esa ikki davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha avgust oyidagi kelishuvdan keyingi yana bir diplomatik yutuq sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid