add

Hindistondagi aviahalokat ortidan Boeing aksiyalari keskin quladi

12.06.2025 | 19:158574

Air India’ga tegishli Boeing 787 samolyoti halokati ortidan kompaniya aksiyalari 8 foizga tushib ketdi. Bu ushbu turdagi samolyot uchun birinchi halokat hisoblanadi.

Hindistondagi aviahalokat ortidan Boeing aksiyalari keskin quladi
Amerikadagi yirik samolyot ishlab chiqaruvchi Boeing kompaniyasiga tegishli 787 turdagi samolyot Hindistonning Axmadabod shahridan Londonga yo‘l olgan paytida halokatga uchradi. Samolyotda 242 kishi bo‘lgan va u aeroport yaqinida yerga qulagan. Bu mazkur turdagi samolyot uchun ilk halokat sifatida qayd etildi. Shohidlar tomonidan olingan videokadrlarda samolyotning ikki muharrigi ham ishdan chiqqanligi ko‘rinadi. Halokat sabablari hozircha rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, ayrim texnik nosozlik ehtimoli yuqori. Bunday vaziyat investorlarni xavotirga soldi va Boeing aksiyalari AQSHdagi birja ochilishidan avval 8 foizga pasayib, $196,49 darajasiga tushdi. Bu kompaniya aksiyalarining 2024 yil mayidan beri eng past ko‘rsatkichi bo‘ldi. General Electric — ushbu samolyot muharriklarini yetkazib beruvchi kompaniya aksiyalari ham 5,5 foizga arzonlashdi. Halokat joyida 60 dan ortiq jasad topildi. Samolyot yashash xonadoni ustiga qulagan va qurbonlar orasida yotoqxonada bo‘lganlar ham bor. Hindiston politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, halokatdan tirik qolganlar yo‘q. Bosh vazir Narendra Modi bu fojiani «yurakni titratuvchi» deb baholadi. Hozirda Hindiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (DGCA) tergovni boshladi va u Boeing mutaxassislari ishtirokida olib borilmoqda. Bu voqea kompaniyaning so‘nggi yillardagi texnik muammolariga oid tanqidlarni yanada kuchaytirishi mumkin. Darvoqe, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi halokatga uchragan samolyot bortida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmaganini xabar berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Hindistonda yuz bergan ushbu fojea munosabati bilan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga, yaqinlariga va butun Hindiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etdi.

Teglar

Mavzuga oid