
Hindistondagi siyosiy mitingda 40 kishi halok bo‘ldi
Hindistonning Tamilnad shtatidagi siyosiy mitingda yuz bergan tartibsizlikda kamida 40 kishi halok bo‘ldi.

Karur okrugida aktyordan siyosatchiga aylangan Vijayning saylov tadbiriga o‘n minglab odam to‘plandi. Ommaviy tirbandlik tufayli bolalar, ayollar va erkaklar orasida qurbonlar bo‘ldi va 50 dan ortiq kishi kasalxonaga yotqizilgani xabar qilindi.
Tamilnad bosh vaziri M.K. Stalin qurbonlar orasida to‘qqiz nafar bola borligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar oilasiga bir million rupiyadan (11,3 ming dollar) kompensatsiya to‘lanadi va voqea bo‘yicha maxsus tekshiruv o‘tkaziladi.
Politsiya Vidjayning TVK partiyasi rahbarlariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Huquq-tartibot idoralari yig‘ilish uchun dastlab 10 ming kishi ruxsat etilgani, ammo voqelikda odamlar soni ikki barobar ko‘p bo‘lganini qayd etdi.
Fojeadan keyin Vijay xalqqa onlayn murojaat qilib «ta’riflab bo‘lmas darajada» qayg‘uga tushganini bildirib, halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta’ziya izhor qildi hamda jabrlanuvchilarga shifo tiladi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ham voqeani «juda alamli» deb baholab, marhumlarning oilasiga hamdardlik bildirdi. Mamlakatda bunday holatlar ilgari ham qayd etilgan, jumladan Kumbx Mela diniy bayrami va krikket stadionlari yonida ham o‘lim bilan tugagan tirbandliklar sodir bo‘lgan.





