Hollivud tiz cho‘kdi: «YouTube» dunyodagi eng boy media imperiyaga aylandi!
Dunyo kino gigantlari shokda: «YouTube» reklamadan shunchalik ko‘p pul topdiki, «Disney», «NBCUniversal», «Paramount» va «Warner Brosers» birlashib ham unga yeta olmay qoldi.

Hollivud gigantlari uchun xavotirlanishga jiddiy sabab paydo bo‘ldi: «Google» tarkibiga kiruvchi «YouTube» videoplatformasi o‘tgan yili reklamadan tushgan daromad bo‘yicha «Disney», «NBC Universal», «Paramount» va «Warner Brosers», «Discovery» kompaniyalarining jami ko‘rsatkichidan o‘zib ketdi.
«Business Insider» nashrining «MoffettNathanson» tadqiqot kompaniyasining hisobotiga asoslanib xabar berishicha, 2025 yilda YouTube’ning reklamadan topgan daromadi 37,8 milliard dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, yuqorida nomi keltirilgan to‘rtta yirik raqobatchining umumiy reklama tushumi bundan kamroq bo‘lgan. (Agar beshinchi o‘rindagi «Fox» kompaniyasi qo‘shilsa, an’anaviy media guruhi 44,8 mlrd dollar bilan «YouTube»dan biroz o‘zadi).
Bu 2024 yildagi holatga nisbatan keskin o‘zgarishdir. O‘shanda YouTube’ning 36,1 milliard dollarlik daromadi Gollivud «to‘rtligi»ning umumiy 41,8 milliard dollarlik tushumidan sezilarli darajada kam edi.
Ko‘rish va obunalar bo‘yicha yetakchilik
YouTube nafaqat reklama, balki auditoriyani qamrab olish bo‘yicha ham dominantlik qilmoqda:
Televizion ulush: «Nielsen» ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida AQSH telekanallarida YouTube’ni kuzatuvchilar soni «Disney», NBCU, «Paramount» va WBD striminglarining jami tomoshabinlaridan ko‘p bo‘lgan. Faqat «Netflix» (8,8 foiz ulush bilan) «YouTube» (12,5 foiz) bilan raqobatlasha oladigan yagona pullik strimer bo‘lib qolmoqda.
Obunalardan tushum: 2025 yilda «YouTube Premium», «YouTube Music» va «YouTube TV» kabi pullik xizmatlardan 22 mlrd dollar daromad olingan. Bunga «NFL Sunday Ticket» kabi sport translyatsiyalariga bo‘lgan qiziqish ham katta hissa qo‘shgan.
Kelajakdagi o‘sish va texnologiya gigantlari
Tahlilchilar Maykl Natanson va Robert Fishmanning fikricha, reklama kontentini hisobga olmaganda, «YouTube» hozir «Disney»ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik mediakompaniyaga aylandi. Platformaning obunalardan tushadigan daromadi yaqin uch yil ichida yiliga 10 foizdan o‘sishi kutilmoqda.
Biroq, shunga qaramay, «YouTube»ning reklama biznesi boshqa texnologiya gigantlari bilan solishtirganda hali ham kamtarroq ko‘rinadi. Masalan, 2025 yilda «Meta» («Facebook» ona kompaniyasi) reklamadan 196,2 mlrd dollar, «Alphabet» (qidiruv reklamasi orqali) esa 224,5 mlrd dollar daromad ko‘rgan.


