
Homiylik xayriyalarini yig‘ishning aniq tartibi belgilandi
25.08.2025 | 10:0019942
Xayriya yig‘ishda qonun talablarini buzgan fuqarolar BHMning 3–5 baravari, mansabdorlar esa 5–7 baravari miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

O‘zbekistonda homiylik xayriyalarini yig‘ish qonunan tartibga solinib, qoidabuzarliklar uchun jarima belgilandi. O‘RQ–1083-sonli qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, xayriya yig‘ishda qonun talablarini buzganfuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutildi.
Endilikda homiylik xayriyalari oldindan e’lon qilingan muddat davomida va aniq homiylik oluvchilar manfaati uchun amalga oshirilishi shart. Bu jarayonning shaffofligini ta’minlash maqsadida naqd pul shaklida xayriya yig‘ish faqat maxsus quti orqali amalga oshirilishi mumkin.
Qonunga binoan, xayriya qutisi shaffof bo‘lishi, plombalanishi va tegishli shaxslar tomonidan imzolanib muhrlanishi lozim. Plombalar raqamlangan holda qo‘llanilishi shart. Shu bilan birga, bank hisobvaraqlariga pul o‘tkazish orqali xayriya qabul qilish qonunchilikda belgilangan tartibda davom etadi.
Yangi tartib homiylik mablag‘larini yig‘ishda shaffoflikni kuchaytirish, suiiste’mol holatlarini oldini olish va xayriya jarayonida ishonchni oshirishga qaratilgan.





